Dunyoning rivojlangan davlatlari singari yurtimizda ham saylovlarni demokratik tarzda oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻriladi. Jumladan, joriy yilning 24 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlib oʻtadigan saylovlarga ham mamlakatimizning barcha hududlarida qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Shu boisdan ham olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida poytaxtimizdagi 577-saylov uchastkasida boʻldik.

– Yurtimiz aholisi muhim siyosiy jarayonlar pallasida turibdi, – deydi mazkur saylov uchastkasi raisi Feruza Soatova. – Shu sababli ularning oʻz konstitutsiyaviy huquqini muvaffaqiyatli amalga oshirish tarafdoriman.

Bu yerda saylovchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, uchastka saylov aʼzolari belgilangan navbatchilik asosida fuqarolarga tushuntirish ishlarini olib borishayotir. Shuningdek, ushbu saylov uchastkasi kerakli texnik jihozlar, uchastka saylov komissiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, saylov uchastkasi xaritalari hamda boshqa muhim axborotlar bilan taʼminlangan.

Hududlarga biriktirilgan masʼullar esa, fuqarolarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytarishmoqda. Shu bilan birgalikda, hudud saylovchilarining roʻyxatlari shakllantirilib, bu borada yana qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham jadallik bilan olib borilmoqda.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.