Kun qahramoni


Katta serjant Jahongir Jumayev 1992 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini bitirgach, 2016 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qila boshladi. Ayni paytda viloyat IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadining oʻt ochib qoʻllash guruhi katta mutaxassisi lavozimida faoliyat koʻrsatish bilan birga, IIV Akademiyasining sirtqi boʻlimida tahsil olyapti.

Jahongir xizmat faoliyatiga hamohang tarzda sportning “qoʻl jangi” va “jangovar sambo” turlari boʻyicha muntazam shugʻullanib kelmoqda. U ikkala sport turida oʻtkaziladigan barcha musobaqalarda faol qatnashib, Respublika hamda Jahon chempioni nomiga musharraf boʻldi. Jumladan, sportning “qoʻl jangi” turi boʻyicha 2016 yil Belgiyada oʻtkazilgan Yevropa chempionatida, 2017 yil Moskva shahrida boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, 2018 yil Moskva shahrida shu sport turi boʻyicha WTKS kamari sohibi, 2017−2019 yillarda Buxoro, Namangan hamda Samarqand shaharlarida boʻlib oʻtgan professionallar oʻrtasida xalqaro turnir gʻolibi, 2019 yilda sportning “Aralash jang yakka kurashi” MMA 20-turniri gʻolibi, 2020 yil Belarus davlatining Minsk shahrida “HSIF” yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan Jahon kubogida birinchi oʻrin, 2020 yilda oʻtkazilgan sportning “Aralash jang yakka kurashi” MMA turi boʻyicha Mudofaa vazirligi kubogi sohibi boʻlib, gʻoliblik nashidasini surdi. 

Chempion xodimimiz joriy yilda oʻtkazilayotgan “qoʻl jangi” musobaqalarida ham anʼanasini davom ettirib kelyapti. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasidagi birinchilikda hamda Oʻzbekiston chempionatida mutlaq gʻolib boʻldi. Qisqasi, katta serjant J. Jumayev, “qoʻl jangi”, “aralash jang yakka kurashi” hamda “jangovar sambo” boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jaomasi tarkibiga kiritilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining “Sport ustasi” va “Xalqaro toifadagi sport ustasi” darajalariga ega boʻlgan.

Koʻrib turganingizdek, katta serjant J. Jumayev xizmat bilan bir paytda doimgiday sportda ham muvaffaqiyatlarga erishib kelyapti. Oʻylaymizki, bundan keyin ham yutuqlar shohsupasini zabt etib, xizmatdan obroʻ topaveradi.  

Jasurbek SHUKRULLAYEV,

leytenant.

Buxoro viloyati.