Yaqinda mahallamizda juda xunuk voqea boʻldi. Kechki mahal. Velosiped haydab ketayotgan 13–14 yoshlardagi bola bexosdan uy yonida turgan mashinaga borib urildi. Bola oʻrnidan turib ulgurmasdan, mashina egasi – devdek barzangi uyidan yugurib chiqdi-yu, uning boʻyniga yopishdi. «Amaki, uzr, koʻrmay qolibman», deganiga qaramay, yigitchani xuddi ichiga paxta toʻldirilgan yumshoq oʻyinchoqdek siltay ketdi. Atrofga bir zumda odamlar toʻplanishdi. Lekin biror kimsa ularni ajratib qoʻyishni, bolani barzangining qoʻlidan qutqarishni xayoliga keltirmadi. Chidolmadim: «Qoʻshni, bola bilmay qolibdi, qoʻyvoring, ota-onasi zararingizni qoplab berishadi», deganimni bilaman, na ota-onam qoldi, na bobo-buvim – u butun urugʻ-aymogʻimni «eslab chiqdi». Shu payt qayerdandir yigitchaning ukasi paydo boʻldi-yu, odamlar panasida turib zoʻravonni soʻkdi. Eng yomoni shundan keyin sodir boʻldi: oddiy temir «arava»ni har narsadan ustun qoʻygan «dev» tizzasini koʻtarib akaning iyagiga tepdi. Goʻyo gladiatorlar jangini tomosha qilayotgan olomon baravar «O-oooo» deb yubordi...
Barzangini toʻxtatib qoladigan kuch boʻlmasa, u osonlikcha bolani qoʻyib yubormasligini tushundim. Shundan soʻng «102» raqamiga qoʻngʻiroq qilib, baland ovozda boʻlayotgan voqea haqida xabar qildim. «Polvon» menga yeb qoʻygudek tikilib, bir nimalar deb soʻkingan boʻlsa-da, qoʻlida musichadek titrab turgan bolani tinch qoʻydi. Oʻsha kuni men faqatgina barzangidan emas, uning zoʻravonliklariga indamay tomoshabin boʻlib turgan mahalladoshlarimdan ham xafa boʻldim. Biz oʻzimizdan boʻlak boshqa bir inson, boʻlak bir oila hayotiga befarqmiz!
Unda jamiyatni kim qutqaradi?!
