Namangan viloyati Pop tumanida tugʻilgan Doniyor Qodirov tibbiyot kollejini tugatib, muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgach, shartnoma asosida xizmatni davom ettirishga qatʼiy qaror qildi. Bugungi kunda 3-darajali serjant D. Qodirov alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik guruhi bosh mutaxassisi – feldsher lavozimida xizmat qilmoqda.
– Xizmat faoliyatim oʻzimga juda yoqadi, – deydi Doniyor Qodirov. – Qatʼiy harbiy intizom, aniq kun tartibi – bular ayni menbop. Oilam va yaqinlarim men bilan faxrlanishadi. Turmush oʻrtogʻim Fotima bilan uch yoshli Mustafo ismli oʻgʻilni voyaga yetkazyapmiz.
Nurshod Bozorov Navoiy viloyatining Nurota tumanida tugʻilgan. 2019-yildan
buyon katta mutaxassis-oʻqchi lavozimida xizmat qilmoqda. 3-darajali serjant N. Bozorov boʻsh vaqtlarida ogʻir atletika va sharq yakkakurashi bilan astoydil shugʻullanadi.
– Har bir er yigit Vatan himoyachisi boʻlishi kerak, – deydi Nurshod Bozorov. – Xizmat yillari davomida doʻstlik, ogʻir damlarda safdoshlarning yelkadosh boʻlishi nima ekanligini chuqur anglab yetdim. Koʻp farzandli oilada oʻsganman. Ota-onam Mamatqul aka va Matluba opa toʻrt oʻgʻil, bir qizni voyaga yetkazishdi. Ukalarim Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlaydi.
– Kasb-hunar kollejini tamomlab, ekskavator operatori yordamchisi sifatida faoliyat olib bordim, – deydi kichik serjant Otabek
Qodirov. – Harbiy xizmatni oʻtab boʻlgach, kontrakt boʻyicha xizmatni davom ettirishga qaror qildim. 2018-yilda mazkur harbiy qismga keldim, qisqa muddatli kurslardan soʻng alohida vazifalarni bajaruvchi guruhda pulemyotchi etib tayinlandim. Ota-onam, qarindoshlarim Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida istiqomat qilishadi. Har yili mehnat taʼtili paytida rafiqam Latofat hamda oʻgʻillarim Akobir va Javohir bilan tugʻilib oʻsgan maskanimizga dam olgani boramiz.
Boris KLEYMAN,
oʻz muxbirimiz.
Suratda: (oʻngdan chapga) 3-darajali serjantlar Nurshod Bozorov va Doniyor Qodirov, kichik serjant Otabek Qodirov.
