Oila – muqaddas dargoh. Uning mustahkamligi esa eru xotin oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va sabr-qanot bilan bilan chambarchas bogʻliq.

Ammo soʻnggi paytlarda oila-turmush doirasida jinoyat va huquqbuzarliklar tez-tez sodir etilayotgani tashvishlanarli holdir. Fargʻona shahridagi “Kimyogarlar” mahallasida sodir etilgan ogʻir turdagi jinoyat ham aynan oilaviy munosabatlarning darz ketishi bilan bogʻliq.

Rashk tufayli turmush oʻrtogʻiga pichoq oʻqtalgan yigit sal boʻlmasa uning qotiliga aylanib qolishi mumkin edi. Ammo qoʻshnilarning aralashuvi bilan falokat ayanchli tus olmadi. Ayol jiddiy jarohat olgani sababli shifoxonaga yotqizildi.

Viloyat IIB Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu jinoyat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻraev ishtirokida jinoyat sodir boʻlgan mahallada muhokama qilindi. Mazkur jinoyatning sabab va oqibatlari haqida soʻz yuritildi. Ushbu oilani vaqtida oʻrganib, yuzaga kelayotgan muammoning oldini olmagan mahalladagi beshlik aʼzolari hamda mutasaddi rahbarlarning faoliyati tanqid ostiga olindi.

Bu turdagi jinoyatlar, nizolarning oldini olish uchun “oilabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” usulda oʻrganishlar olib borish, mahallalarda monitoring oʻtkazib, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar, nizoli oilalarni erta aniqlash va manzilli ishlash borasida aniq vazifalar qoʻyildi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.