Andijon viloyatida mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikdagi oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Ishchi guruhining navbatdagi faoliyati Andijon shahridagi “Sanoat” mahalla fuqarolar yigʻinida davom etdi. 

-Hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda fuqarolar bilan alohida shugʻullanishning ahamiyati juda katta,-deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Mahammadjon Nishonov. - Jumladan, fuqarolar bandligini taʼminlash, daromad manbaiga ega qilish, moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatish, kasb-hunarga yoʻnaltirish kabi ishlar amalga oshirilishi zarur. Oʻrganishlar davomida har bir xonadonga kirib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot orqali ularning muammolari oʻrganilyapti. Jinoyatchilikka moyil fuqarolarning jamiyatdagi faolligini taʼminlash maqsadida alohida vazifalar belgilab olinmoqda. 

Oʻrganish ishlari davomida hududlarda nazorat kameralari oʻrnatilayotgani, jamoatchilik nazorati kuchaytirilayotgani eʼtiborli, albatta. Shu kabi harakatlar viloyatning barcha mahallalarida davom etmoqda.

Saminjon HUSANZODA, 

oʻz muxbirimiz. Andijon viloyati.