– Turmush oʻrtogʻim qamalib qoldi, – dedi u zoʻrgʻa. – Qishloq joyda yashaymiz, gap-soʻz tez bolalaydi. Elning ogʻziga elak tutib boʻlmas ekan. Xoʻjaynim ehtiyotsizlik oqibatida avtohalokat sodir etdi. Narigi mashinadagi yoʻlovchi vafot etgan. Butun qishlogʻimizda bir gap: «Falonchi odam oʻldiribdi...»
Ayolning soʻzi shu yerda uzildi. Davomi – koʻz yosh edi... Keyin oʻzini zoʻrgʻa qoʻlga olib, yana soʻzida davom etdi:
– Ikki nafar farzandim bor. Biri bogʻchaga qatnaydi, boshqasi maktabda oʻqiydi. Qizim: «Maktabga bormayman», – deb yigʻlayapti. Sinfdoshlari «Jinoyatchining bolasi», – deb masxara qilishayotgan ekan. Yaqin dugonasi ham gaplashmay qoʻyibdi...
Unga qanday yordam berishni bilmasdik. Eri qasddan odam oʻldirmagan. Bu ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan fojia. «Falokat oyoq ostida» deyishadi-ku. Bir lahzalik beeʼtiborlik, bir soniyalik xato bir insonning hayotiga nuqta qoʻygan. Ammo... «Falonchi odam oʻldiribdi». Bilib-bilmay aytilgan bir ogʻiz soʻz bilan bir insonga «qotil» degan tamgʻa bosildi.
Eng alam qiladigani, bolada nima ayb? Qiz shoʻrlik maktabida bosh koʻtarolmay qolibdi. «Jinoyatchining bolasi» degan sovuq soʻz uning qalbiga toshdek botgan. Bugun maktabga bormayman deb yigʻlayotgan qizaloq ertaga jamiyatdan uzilib qolmasligiga kim kafolat beradi? Uning qalbida yigʻilgan alam nafratga aylansa, kim aybdor boʻladi?
Biz, kattalar har bir gapimizga javobgarmiz. «Aytilgan soʻz – otilgan oʻq» deb bejiz aytishmaydi. Bolaning koʻngli guldek nozik boʻladi. Oʻylamay aytgan soʻzimiz bilan uning qalb oynasini sindirmaylik, keyin butlash mushkul. Har birimizning farzandimiz borligini doim yodda tutaylik.
Biz bir narsani anglashimiz kerak. Mahkumning farzandi ham avvalo bola. Uning ham orzulari, umidlari, shaʼni, gʻururi bor. Unga tamgʻa emas, mehr kerak. Unga taʼna emas, dalda kerak. Keling, bolaning qalbiga ozor bermaylik. Adolat sudda qaror topadi, lekin rahm-shafqat – jamiyatda.
Xadicha OʻTAYEVA,
kapitan.
