Jizzax viloyatining soʻlim Zomin tumanida turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida 2023-yilda Zomin tumani IIB tuzilmasida xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlimi tashkil qilingan. “Zomin” turistik rekreatsion zonasi hududida ushbu xizmat xodimlari uchun yangidan maʼmuriy bino bunyod etildi. Ushbu binoning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar ishlar vazirining oʻrinbosari general-mayor Bahodir Mirzarahimov, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirovlar ishtirok etishdi.

Tadbirda ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov soʻzga chiqdi. Shuningdek, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov sayyohlik xizmatlarini tashkil etishda turistlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritishdi. Shundan soʻng ramziy bogʻich qirqilib, tadbir qatnashchilari maʼmuriy binoda soha xodimlari uchun yaratilgan qulayliklarni koʻzdan kechirdi.

Taʼkidlash joiz, Zomin tumanida 150 ga yaqin muzey, arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari, madaniy meros obyektlari, eko-agroturizm kabi turistik infratuzilma obyektlari mavjud.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 9 oyida ushbu hududda bir yarim mingga yaqin xorijiy hamda 290 mingdan ziyod mahalliy sayyohlar dam olishgan. Kelgusida Zomin tumani ichki ishlar boshqarmasi xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlimi negizida yangi islohotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati