Tez kunlarda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi navbatchilik qismida 102 avtomatlashtirilgan maʼlumotlar tizimi ishga tushiriladi. Shu maqsadda mazkur xizmat uchun alohida bino tayyorlanib, zamonaviy aloqa va axborot vositalari bilan taʼminlandi. Shuningdek, yangi tizim sirlarini oʻrgatish maqsadida ichki ishlar organlari navbatchilik qismi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Tadbirda vazirlik Tashkiliy departamenti masʼullari tomonidan 102 avtomatlashtirilgan maʼlumotlar tizimi toʻgʻrisida atroflicha tushuncha berildi. 102 raqamiga qilingan har qanday qoʻngʻiroq ilgarigidek hududiy ichki ishlar boʻlimlari navbatchilik qismlari tomonidan emas, balki viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi avtomatlashtirilgan maʼlumotlar tizimi orqali qabul qilinishi bildirildi.

Eʼtiborlisi, zamonaviy aloqa va axborot qurilmalari har bir murojaatni roʻyxatga oladi. Tizim bir vaqtda 3000 ta qoʻngʻiroqni qabul qilish imkoniga ega. Mabodo fuqaro qoʻngʻiroq qilganida aloqa vositasi band boʻlsa, navbatchilik qismi xodimi goʻshakni qoʻyishi bilan tizim uni ulana olmagan murojaatchi bilan avtomatik tarzda bogʻlaydi.

Seminar yakunida ichki ishlar organlari navbatchilik qismi xodimlari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida 102 avtomatlashtirilgan maʼlumotlar tizimidan amalda foydalanish sirlarini oʻzlashtirishdi. Hozirda yangi tizim sinovdan oʻtkazilmoqda.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.