Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining II bosqich talabasi Mirzabek Elmurodov uyali aloqa vositasini bir daqiqaga soʻragan erkakka telefonini uzatdi va oʻzganing suhbatiga quloq tutayotgandek koʻrinmaslik uchun chetlandi. Erkak gaplashib boʻlgach, oʻz yoʻlida davom etdi.

Mazkur voqeadan bir necha daqiqa oʻtar-oʻtmas Jizzax viloyati IIB xodimi Mirzabek bilan bogʻlanib, hozirgina uning telefonidan foydalangan odam qidiruvdagi shaxs ekanligi, ichki ishlar organi xodimlari yetib borgunga qadar uni kuzatishi kerakligini tushuntirdi. Mirzabek ikkilanmasdan rozi boʻldi. Ammo bu paytda erkak koʻzdan gʻoyib boʻlgandi. Shu bois u notanish kishi ketgan koʻcha tomon chopdi. 200 metr yurganidan soʻng qidirayotgan odamini topdi va uning ortidan kuzatib, yarim kilometrcha yurdi. Koʻp oʻtmay, ichki ishlar organi xodimlari gumonlanuvchini qoʻlga olishdi. 

M. Elmurodov tutishga yordamlashgan shaxs Zomin tumanining «Neboʻsa» mahallasida yashovchi U.A. boʻlib, shu yilning 19-aprel kuni Zarbdor tumanining «Oqbuloq» mahallasida istiqomat qiluvchi B.A.ni pichoqlab, voqea joyidan yashiringandi. Xodimlar gumonlanuvchini tutishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga kirishdilar. Qotillikda gumon qilinayotgan erkak lavhamiz qahramonining telefonidan foydalangan holda turmush oʻrtogʻiga qoʻngʻiroq qilgani aniqlandi. Bu esa jizzaxlik ichki ishlar organlari xodimlarining Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi bilan telefon orqali bogʻlanishiga sabab boʻlgandi. 

Talabaning jurʼati har qancha tahsinga loyiq. 

U «Menga nima», deya qoʻl siltashi, befarqlik pardasi ortiga berkinishi mumkin edi. Demoqchi boʻlganimiz, jinoyat sodir etgan shaxsni muayyan muddat kuzatib borish hamda uni qoʻlga olayotganlarga yordam koʻrsatishga har kimning ham yuragi dov beravermaydi.

Qisqasi, jasur yigitni taqdirlashga qaror qilindi. Universitet oʻqituvchi va talabalari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani «Apardi» mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Mirzabek Elmurodovga esdalik qoʻl soati va 5 million soʻm pul mukofoti, shuningdek, uning ota-onasiga tashakkurnoma topshirildi. Xuddi shunday, gumonlanuvchini qoʻlga olgan Toshkent shahri Shayxontohur tumani IIOFMB 5-sonli IIBning 4 nafar xodimi esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.