Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanidagi Qoratepa qishlogʻida istiqomat qiluvchi ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi podpolkovnik Boʻriboy Omonzoda qalamdan qadr topgan fidoyi jurnalistlardan biri sanaladi.
Bolalikdan matbuotga mehr qoʻygan Boʻriboy aka oʻzi tugʻilib oʻsgan Yozyovon tumani hokimligining «Markaziy Fargʻona» gazetasida dastlab jamoatchi muxbir, keyinchalik muxbir, boʻlim mudiri vazifalarida ishlab, jurnalistika olamiga dadil qadamlar bilan kirib kelgan.
1994-yilda Ichki ishlar vazirligining «Postda» va «На посту» gazetalariga Fargʻona vodiysi boʻyicha oʻz muxbiri vazifasiga ishga olingach, Boʻriboy Omonzodaning hayoti va ijodida tub burilish roʻy berdi. Ushbu nashrlarda muxbir boʻlib ishlab, ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb maqolalari bilan tanilgan yosh jurnalist yigitni 1995-yilda Fargʻona viloyati IIB rahbariyati boshqarma qoshidagi Matbuot byurosi inspektori vazifasiga ishga taklif etishdi. El-yurt osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshishni maqsad qilgan yosh jurnalist boshqarma rahbariyatining taklifini qabul qildi.
Shundan soʻng qahramonimiz 1995-yildan 2007-yilga qadar Fargʻona viloyati IIB Matbuot xizmatida samarali faoliyat koʻrsatdi. 2007-yili viloyat IIB Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshligʻi oʻrinbosari – Shaxsiy tarkibni tarbiyalash va ijtimoiy-huquqiy himoya qilish boʻlinmasi boshligʻi vazifasiga tayinlandi. Keyinchalik 2009-yilda yana oʻz sevimli ishiga qaytdi. 2015-yilda viloyat IIB Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik taʼminlash boʻlinmasi ommaviy axborot vositalari bilan aloqa guruhi katta inspektori vazifasidan pensiyaga chiqdi.
Oʻzining huquqiy mavzudagi dolzarb maqolalari va telekoʻrsatuvlari bilan yaxshi tanilgan Boʻriboy Omonzoda bugun ham el-yurt xizmatidan toʻxtagani yoʻq. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi vazifasida mehnat qilmoqda.
– Jurnalistika hayotimning mazmuniga aylangan, – deydi qahramonimiz. – Bu sohada ishlash aslida oson emas. Uning mashaqqatlarini yengib oʻtish uchun ijodkor puxta bilimga ega, halol va vijdonli boʻlishi kerak. Bir paytlar tuman gazetasida ishlaganimda Umarjon Ismoilov, Alisher Toshqulov, Azimjon Xudoyqulov, Malikjon Boymatov, Odiljon Jalolov kabi ustozlarim menga mohir jurnalist boʻlish uchun nimalarga eʼtibor berish kerakligini oʻrgatishgan edi. Bugun esa ustozlarimdan oʻrganganlarimni, tajribalarimni sohaga kirib kelayotgan yosh jurnalistlarga baholi qudrat oʻrgatib kelyapman.
– Ustozimiz Boʻriboy Omonzoda ichki ishlar organlari tarixi va bugungi faoliyatini yaxshi biladigan, huquqiy mavzularda yozishning hadisini olgan jurnalist, – deydi viloyat IIB Axborot xizmati rahbari, katta leytenant Ismoiljon Sharipov. – Men ham baʼzida u kishining maslahatlariga muhtoj boʻlib turaman. Bilmaganlarimizni oʻrgatadi. Internet rivojlangan bugungi davrda axborot xizmatlari oldida turgan vazifalarni, tezkorlik va xolislikni taʼminlash uchun nimalarga eʼtibor berishimiz kerakligini eslatib, zarur tavsiyalar beradi.
Tajribali jurnalist baxtiyor oila sohibi ham sanaladi. Turmush oʻrtogʻi Oʻgʻilxon Rahmonova bilan hamjihatlikda 4 nafar farzandni namunali insonlar qilib voyaga yetkazishdi. Ayni paytda 5 nafar shiringina nabiralari ham bor.
Abduvosit SIDIQOV,
«Postda» muxbiri.
Fargʻona viloyati.
