1976-yilda Navoiy viloyatining Nurota tumanida tugʻilgan fuqaro M.N.ning noqonuniy qilmishi “Qoradori-2021” tadbiri chogʻida fosh etildi. Dastlab uning yashash xonadoni yertoʻlasidan bir dona polietilen qopga solingan quritilgan holatdagi, oʻtkir hidli, yashil tusli giyohvandlik vositasi topildi. Xolislar ishtirokida oʻlchab koʻrilgan, zahri qotil 190 gramm ekanligi maʼlum boʻldi. 

Bu kalavaning uchi ekan, xolos. Uning hovlisi koʻzdan kechirilganida, xonadonning har burchagidan bu kabi “topilmalar” topila boshladi. Undan giyohvandlik vositalarini qaerda yetishtirganligi surishtirilganda, xodimlarni ogʻilxonasiga boshladi. Bu yerda maxsus ajratilgan joyda 5 tup boʻyi 2 metrdan balandroq boʻlgan giyohvandlik oʻsimligi oʻsib yotardi. Bundan tashqari, bir necha polietilen qopga joylangan quritilgan giyohvandlik vositalari ham bor edi. Mazkur holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.


Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.