Buxoro shahridagi Yoshlar markazida “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlab, aholining ogʻirini yengil qilayotgan, mavjud muammolarni bartaraf etayotgan, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda yuqori koʻrsatkichlarga erishayotgan uchta namunali mahalla huquq-tartibot maskanining nomi eʼlon qilindi.
Hakamlar hayʼatining xulosalariga koʻra, Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” MFY profilaktika inspektori, kapitan Shahobiddin Ismoilov birinchi oʻrinni egallab, nufuzli tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz shaʼnini himoya qilish huquqini qoʻlga kiritdi.
Tanlovda ikkinchi oʻrin Vobkent tumanidagi “Charmgaron” MFY profilaktika inspektori, kapitan Jahongir Artikovga nasib etdi. Faxrli uchinchi oʻringa Gʻijduvon tumani “Paxtaobod” MFY huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, katta leytenant Jamol Shodiev loyiq koʻrildi. Bundan tashqari, tanlovda huquq-tartibot maskanlarida eng faol ish olib borgan xodimlar ham turli nominasiyalar boʻyicha tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Tadbir viloyatimiz sanʼat ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.
Sh.JALOLOV,
podpolkovnik.
M.AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
