Podpolkovnik Dilbar Asomova 1970-yili Toshkent shahrida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2004-yili Markaziy tibbiy komissiyaning lor shifokori lavozimida boshlagan. 2016-yildan bugungi kunga qadar IIV Markaziy poliklinikasining fizioterapiya boʻlinmasi boshligʻi lavozimida ishlab keladi.
– Fizioterapiya muolajalari immunitetni mustahkamlaydi. Shuningdek, markaziy qon aylanishini faollashtiradi, ogʻriq qoldiruvchi xususiyatga ega, toʻqimalar oziqlanishini yaxshilaydi, – deydi podpolkovnik Dilbar Asomova. – Fizioterapiya muolajalari odamning ichki rezervlarini uygʻotadi va shu orqali taʼsir oʻtkazadi, odam organizmidagi muhim bioximik jarayonlarni faollashtiradi hamda tabiiy kuchlar orqali bemorni tuzalishga undaydi. Ammo shifokor sifatida shuni ham taʼkidlashim kerak, bu davolanish jarayonini notoʻgʻri qoʻllash salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bemor fizioterapeya muolajalarni olishdan avval umumiy qon tahlili topshirishi, EKG va UTT tekshiruvidan oʻtishi lozim. Teri sezuvchanligi ham nihoyatda muhim. Har qanday muolaja shifokor xulosasiga koʻra amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Agar oʻzboshimchalik bilan shifokorning tavsiyasisiz bemor oʻzi fizioterapiya muolajalari olmoqchi boʻlsa, bilib-bilmay tanasiga shikast yetkazib qoʻyishi mumkin. Yosh bolalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlar ham fizioterapiya muolajalarini olishi mumkin, lekin xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda. Har bir inson iloji boricha tanasini nurlanishdan himoya qilishi shart.
Dilbar Asomova boʻlinmada 10 ga yaqin hamshiralar bilan ish olib boradi. Oʻzining fidokorona mehnati va namunali hayot yoʻli bilan barchaga oʻrnak. Oilada ikki nafar oʻgʻil va bir nafar qiz farzandni turmush oʻrtogʻi bilan kamolga yetkazib, el koriga kamarbasta insonlar etib tarbiyalashdi.
– Vatanim uchun xizmat qilayotganimga, yurtdoshlarim uchun kerak ekanimga, odamlarga foydam tegayotganiga xursand boʻlaman. Bundan ortiq baxt bormi, axir?! – deydi qahramonimiz.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
