Kubaro yoshligidan hisob-kitobga usta edi. Shuning uchun ham roʻyi zaminning sayqali boʻlmish Samarqandda tavallud topgan qahramonimizning keyingi taqdiri aynan hisobchilik kasbi bilan bogʻlandi.
U ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgani uchun, ayni paytda, ikki kasbning egasi boʻldi.
1995-yilda Toshkent shahar IIBB Moliya-iqtisod boshqarmasida yollanma ishchi sifatida xizmatni boshlagan K. Artikova 1999-yildan eʼtiboran egniga ichki ishlar organlari libosini kiydi. Bu esa uning masʼuliyatini yanada orttirdi. Shirinsuxan, hech kimdan yordamini ayamaydigan xodima faoliyati davomida koʻplab xodimlar koriga yaraydi. Kimdir maoshi masalasida, kimdir pensiyaga chiqishi munosabati bilan maslahat soʻrab kelardi. Murojaat qiluvchilarning muammosini erinmasdan tinglab, ularga begʻaraz yordam berardi. Shu tariqa, 2010-yilga qadar faoliyat yuritgan K. Artikova katta serjant unvonida hurmat-eʼtibor bilan pensiyaga kuzatildi.
Oʻz kasbidan qadr topgan xodima xizmat yillari davomida bir qancha shogirdlar orttirdi. Ularga oʻz maslahatlarini berib, kasbining sir-asrorlarini oʻrgatdi. Hozirgacha ham shogirdlarining koʻpchiligi undan maslahat soʻrab turishadi.
Ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat yuritgan isteʼfodagi podpolkovnik Shuhratilla Artikov ham IIV
SHTBIXda boʻlim katta inspektori, muhim topshiriqlar boʻyicha katta inspektor, boʻlim boshligʻining oʻrinbosari lavozimlarida samarali xizmat qilib, sohaga fidoyi kadrlarni tanlash, tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshdi.
– Oʻzim suygan kasbda faoliyat yuritib, ustozlarimning beminnat oʻgitlarini olib kam boʻlmadim, – deydi Kubaro Artikova. – Turmush oʻrtogʻim bilan ham sohada xizmat qilish mobaynida tanishganman. Pensiyada boʻlsam-da, shogirdlarim tez-tez xabar olib, kezi kelganda esa maslahat soʻrab turganidan tanlagan kasbimdan faxrlanib ketaman.
Kuni kecha farzandlari, nabiralari hamda oʻgʻillardan ham oʻzadigan kuyovlarining duogoʻyi boʻlgan Shuhratilla aka va Kubaro opa xonadoniga yaqinlari va shogirdlari jamuljam boʻlishdi. Ular muborak 60 yoshini qarshi olgan Kubaro opani chin dildan qutlashdi va eng ezgu tilaklarini bildirishdi.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
