Bolaligidan sportga mehr qoʻyganligi sababli, bolalar va oʻsmirlar sport maktabida belbogʻli kurash sirlarini puxta oʻrganib, koʻplab nufuzli musobaqalarda ishtirok etdi. Jumladan, 2004-yilda Chirchiq shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida 61 kilogramm vazn toifasida ishtirok etib, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan va mamlakat chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi.

 2006–2007-yillarda harbiy xizmatda boʻlib qaytgan qahramonimiz Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga oʻqishga kirdi.

– Oʻqishni tamomlagach, bir necha yil oʻzim tahsil olgan oliygohda ishladim, – deydi u. – Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, 2016-yilda ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilindim.

Dastlab profilaktika ins­pektori, katta inspektori vazifalarida ishlab, muayyan taj­riba toʻplagach, rahbariyat probatsiya guruhi katta inspektori vazifasini unga ishonib topshirdi. 

– Probatsiya bu tizimdagi masʼuliyati ogʻir yoʻnalishlardan biridir, – deydi kapi­tan Gʻiyosiddin Yuldashev. – Ogʻirligi shundaki, bizning xodimlar oddiy fuqarolar bilan emas, jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum etish 

bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm etilganlar va jazoni ijro etish muassa­salaridan qayt­gan shaxslar bilan shugʻullanishadi. Shu boisdan, har bir mahkum va nazoratga olinganlar 

bilan yakka tartibda ishlashga harakat qilamiz. Maqsadimiz bir marta adashgan shaxs­lar qayta bu yoʻlga kirishiga yoʻl qoʻymaslik. Ularga qoʻli­mizdan kelgancha toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga, yordam 

berishga va qayta tarbiyalashga intilamiz. 

Ingliz tilini yaxshi biladigan, sport bilan muntazam shugʻullanib borayotgan lavhamiz qahramoni oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygan. Shu sababli hozirda IIV Akademiyasida jinoyatni fosh etish va oldini olish yoʻnalishida sirtdan tahsil olib, bilimlarini yanada mustahkamlayapti.

Onasi Habibaxon Yuldashevaning duosini olib, turmush oʻrtogʻi bilan ahillikda 2 nafar farzand oʻstirayotgan kapitan Gʻiyosiddin Yuldashev shu sohaning yetuk bilimdoniga aylanib, xalqimizga munosib xizmat qilishni oliy maqsad deb biladi.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.