Koʻcha toʻla odam. Nariroqdagi maktabdan bir guruh yoshlar chiqib kelyapti. Har birining yelkasida «Bitiruvchi» deb yozilgan rangli tasma. Ularning gulgun chehrasida baxtiyorlik aks etib turibdi.
Guliston tumani IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Isʼhoqjon Sangirov yoshlarning mana shunday xotirjam yurishida oʻzining ham xizmatlari borligini oʻylab ich-ichidan gʻururlandi. Vaqti boʻlishi bilan maktabga kirib, bitiruvchilar bilan suhbatlashgani, ularning orasidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, notinch oila vakillari bilan alohida shugʻullangani bir-bir koʻz oldidan oʻtdi. Maqsadi — yoshlar kelajakda toʻgʻri, halol, oilasiga sadoqatli insonlar boʻlib yetishsin.
Afsuski, hayotda oʻz vijdoniga xiyonat qilib, qonunga xilof ish yuritadigan insonlar ham uchrab turadi. Yaqinda shunday shaxslardan biri uni pul evaziga sotib olishga urindi.
2023-yil 2-iyun. Guliston tumani IIBga fuqaro Abdushokir Saidaliyevdan (ism-shariflar oʻzgartirildi) ariza kelib tushdi. U oʻz arizasida shu tumanda yashovchi Usmon Umarov ismli shaxs uning oilasini jar yoqasiga yetaklayotganini keltirib, holat yuzasidan qonuniy chora koʻrishni soʻragan. Arizani oʻrganish profilaktika inspektori Isʼhoqjon Sangirovga topshirildi.
Isʼhoqjon arizada koʻrsatilgan fuqaro U. Umarovni xizmat xonasiga taklif qildi. Surishtiruv jarayonida u dastlab barchasini inkor qilib turaverdi. Biroq arizada keltirilgan maʼlumotlar bilan uning koʻrsatmalari solishtirilganida, U. Umarov yolgʻon gapirayotgani maʼlum boʻlib qoldi. Holat yuzasidan hujjatlar toʻldirilib, tushuntirish xati olindi. Lekin Usmon Umarov «kechiktirib boʻlmas ishi» borligini aytib, hujjatlarga imzo qoʻymay chiqib ketdi.
Ertasi kuni takroran chaqirtirilganda esa, uning ruhiy holati yomonlashgandi. Qilgan ishi ovoza boʻlishidan qoʻrqib, talvasaga tushganligi koʻrinib turardi. U profilaktika inspektoriga ushbu ishni bosdi-bosdi qilish, voqeani ovoza qilmaslik evaziga 500 AQSH dollari miqdorida pul taklif qildi. Isʼhoqjon pora berish jinoyat ekani, buning uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini tushuntirdi. Lekin U. Umarov oʻz taklifini qayta-qayta aytib turib oldi.
Isʼhoqjon Sangirov belgilangan tartibda ushbu holat boʻyicha oʻz rahbariyatini xabardor qildi. Viloyat IIB boshligʻi nomiga bildirgi kiritildi. Tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi...
Usmon Umarov profilaktika inspektorining xonasiga kirib kelib, yana bir bor arizani yoʻq qilishni, ishni yopishni iltimos qildi. Buning evaziga pul berishini aytib, yonidan 200 AQSH dollarini olib, tortmaga solib qoʻydi.
— Qolganini keyinroq beraman, hozircha bori shu, — dedi Usmon Umarov.
Shu paytda viloyat IIB JQB tekzor xodimlari uni ashyoviy dalil asosida qoʻlga olishdi.
Kasbiga, qasamyodiga sadoqatini saqlab qolgan Isʼhoqjon Sangirov 1995-yilda Guliston tumanida tugʻilgan. U 2020-yildan IIB tizimida xizmat qilib kelmoqda. Faoliyatini Shirin shahar «Farhod» mahallasi profilaktika inspektori lavozimida boshlagan. Oʻtgan yili Guliston tumani IIB HPB Ahmad Yassaviy nomli mahalla profilaktika inspektorligiga oʻtkazilgandi.
Katta leytenant I.Sangirov yosh boʻlsa-da, masʼuliyati, yuksak insoniy xislatlarga egaligi bois koʻpchilikning hurmatiga sazovor boʻlib kelmoqda.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
«Postda» muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
