IIV Samarqand akademik litseyi bugungi kunda faqat bilim ulashayotgan maskan emas, balki Vatanga sadoqat, yurt taqdiriga daxldorlik va fidoyilikni oʻrgatuvchi maktabga aylangan. Bu yerdagi har bir oʻquvchi kelajakda Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va qonun ustuvorligi uchun xizmat qilishni oʻzining sharafli maqsadi deb biladi.

2024–2025-oʻquv yilida Akademik litseyni 197 nafar oʻquvchi tamomlab, shundan 21 nafari IIV Akademiyasiga, 3 nafari JXUga, 2 nafari Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga, 1 nafari Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga oʻqishga qabul qilindi. 156 nafari esa boshqa oliy taʼlim muassasalarida tahsilni davom ettirmoqda.

— Kelajak bugundan boshlanadi. Uni yaratish uchun esa faqat orzu emas, balki harakat, sabr va ishonch ham kerak, — deydi turon yakkakurashi boʻyicha bir necha bor chempion Shabbona Ismoilova. Har bir yosh oʻzini kelajak bunyodkori, oʻz Vataniga daxldor, faol shaxs deb bilishi lozim. Chunki kelajak tasodif emas, u biz yaratadigan haqiqatdir. Shu yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishga boʻlgan qiziqishim maqsadga aylanib, hozirda akademik litseyning 2-bosqich oʻquvchisiman. Oʻqishni tugallab, IIV Akademiyasida tahsilni davom ettiraman,  

Litseydagi taʼlim-tarbiya tizimi faqatgina nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmaydi. Ushbu maskanda maʼnaviyat, maʼrifat, yuksak fuqarolik masʼuliyati, halollik va sadoqat asosiy qadriyatlar sifatida shakllantiriladi. Yoshlar bu yerda nafaqat huquqshunoslik, jinoyatchilikka qarshi kurash, xavfsizlik kabi sohalarni oʻrganadilar, balki insonparvarlik, doʻstlik, vatanparvarlik va adolat tushunchalari bilan tanishadilar.

Sabrina Hakimova akademik litseyning 2-bosqich oʻquvchisi. U faol, iqtidorli, izlanuvchan yoshlardan biri. Til oʻrganishga qiziqadi, kitob oʻqish sevimli mashgʻuloti. Oʻzbek tili va adabiyoti fanidan olimpiadalarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Tengdoshlariga hamisha olgʻa intilish, oʻz ustida ishlash kerakligini aytib, ularni bilim olishga daʼvat etuvchi yoshlardan. Oʻqishdan keyingi kun tartibi rejali. Turli toʻgaraklar, sport bilan shugʻullanish, kitob oʻqish — hammasiga ulguradi. 


Akademik litseyda kelajakda tergovchi, huquqshunos, inspektor-psixolog yoki davlat xizmatchisi boʻlishni orzu qilayotganlar koʻp. Ammo maqsad bitta — tinchlikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, qonuniylikni taʼminlash. Bu kelajak bunyodkorlarining orzusi.

Har bir litsey oʻquvchisi oʻzining xizmat yoʻlini hali litsey partasida oʻtirgan paytda belgilaydi. Ular har kuni forma kiyib, ichki ishlar organlari xodimining masʼuliyatini his qiladi. Shu tariqa faqat tashqi koʻrinish emas, balki huquq va burch tushunchalarini amalda oʻrganishadi.

 Rashid Aliqulov ham akademik litseyni tugallab, IIV Akademiyasi sari yoʻl olishga shay turgan iqtidorli, aʼlochi yoshlardan biri. U ingliz tilini puxta oʻrganib, «B2» darajali sertifikatni qoʻlga kiritgan. Tarix, huquq fanlarini yaxshi biladi. Turli koʻrik-tanlovlarning faol ishtirokchisi. Biz yoshlar bilan muloqot chogʻimizda ularning fikrlari teran, mushohadali, soʻzlari burro, maqsadlari aniq va tanlagan yoʻlidan qaytmas, koʻzlarida ishtiyoq chaqnab turganligini sezdik. 

Bu yerda fan mashgʻulotlaridan tashqari, sport toʻgaraklari ham keng yoʻlga qoʻyilgan. Oʻquvchilar muntazam ravishda sport bilan shugʻullanib, 2024-yilda ularning 47 nafari turli bellashuvlarda sovrindorlikni qoʻlga kiritgan. Shundan 32 nafari tuman va shahar miqiyosida oʻtkazilgan musobaqalar gʻolibi, 10 nafari viloyat bosqichi gʻoliblari, 2 nafari respublika bosqichi gʻolibligini qoʻlga kiritgan. 2024 — 2025-oʻquv yilida ingliz tili fanidan 106-guruh oʻquvchisi Mansur Asatullayev olimpiadaning Samarqand viloyati bosqichida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Kelajak bunyodkorlari aynan ana shunday bilimli, fidoyi, masʼuliyatli va sadoqatli boʻlishlari lozim. Ular bugun tayyorgarlik koʻryapti. Ertaga esa yurt taqdiri ularning qoʻlida boʻladi.

Umida Mamadaliyeva,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.