Peshtoqiga «Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi» degan soʻzlar yozilgan binoga kirib kelgan Dilshodning koʻnglini beixtiyor gʻurur hissi toʻldirdi. Quvonmasinmi, axir, bu yerda oʻqish hammaga ham nasib qilavermaydi.

Darhaqiqat, u uchun mazkur taʼlim muassasasi oʻquvchilari qatoridan joy olish oson kechmagan. Tibbiy koʻrik, bilim va dunyoqarashni aniqlashga qaratilgan ikki bosqichli suhbat, psixologik test, imlo, grammatika va adabiyotga oid bilimlarini baholash maqsadida oʻtkazilgan yozma ish, jismoniy tayyorgarlik sinovi, bir qator fanlar boʻyicha bilim darajasini belgilovchi yakuniy test. Xullas, koʻplab oʻquvchilar orasidan saralab olinganlar shu yerda.

Bu yerda oʻqiyotganlarning bir qismi allaqachon muayyan natijalarga erishib boʻlgan. Misol uchun 17 yoshli Shahboz Moʻminov respublika miqyosida oʻtkazilgan chempionatlarda 13 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan. Qoʻl jangi boʻyicha mamlakat terma jamoasining aʼzosi, sport ustasi. 2018 yilning may oyida Rossiyaning Ufa shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo va Yevroosiyo chempionatida kumush medal sohibi boʻlgan. Oʻsha yili sentyabr oyida Rossiyaning Tula shahrida boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida 2-oʻrinni egalladi. 2019 yilda Almatida tashkil etilgan Jahon chempionatida ham kumush medalni qoʻlga kiritdi. Ayni vaqtda Shahboz 2021 yilning fevral oyida poytaxtimizda oʻtkazilajak saralash bahslariga hozirlik koʻrmoqda. Agarda bu musobaqada ham omadi kelsa, yana bir jahon chempionatida ishtirok etadi.

Bunday natijalarga sport ustalari Zilola Qipchoqova va Asadbek Boʻriboev ham erishgan. Umuman olganda, litseyda mamlakat miqyosidagi sport musobaqalarida yuqori koʻrsatkichlarni qayd etayotgan oʻnga yaqin yoshlar taʼlim oladi. Jumladan, litsey sportchilari oʻtgan yilning 6–8 mart kunlari Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qoʻl jangi boʻyicha oʻtkazilgan chempionatda 3 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza, 11–15 mart kunlari Toshkent shahrida aralash jang sanʼatining MMA yoʻnalishi boʻyicha tashkil etilgan musobaqada 2 ta kumush, 1 ta bronza, ayni shu sport turi boʻyicha 22–25 sentyabr kunlari Buxoroda uyushtirilgan chempionatda 2 ta kumush, 25–28 noyabr kunlari Qarshi shahrida qoʻl jangi boʻyicha boʻlib oʻtgan musobaqada 2 ta oltin va 3 ta bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

Boshqa sohalarda ham litsey oʻquvchilari faol. 2018–2019 yillarda Aziza Shokirova hamda Zuhra Yoʻlchieva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlishgan. Dilshodning oʻziga keladigan boʻlsak, maktabda oʻqib yurgan kezlari tarix fanidan respublika miqyosida oʻtkazilgan bilimlar bellashuvida ikki marta birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. 9 yoshidan buyon shaxmat oʻynaydi va bu sport turi boʻyicha viloyat miqyosida boʻlib oʻtgan chempionatda shohsupaning 3-pogʻonasiga koʻtarilgan. 2020 yilning fevralida respublikamizdagi harbiylashtirilgan litseylar oʻquvchilari ishtirokida tashkil qilingan «Bilimdon vatanparvar» fan olimpiadasida tarix fanidan 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Litseyda Dilshod va uning tengdoshlari komil inson boʻlib shakllanishlari, umumtaʼlim hamda umumkasbiy fanlarni puxta oʻzlashtirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, oʻquvchilar zamon talabiga mos tarzda jihozlangan sinfxonalarda ichki ishlar organlari faoliyati, maʼmuriy huquq, surishtiruvni tashkil etish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekspert-kriminalistika, tergov, patrul-post xizmati kabi umumkasbiy fanlarni oʻzlashtirish bilan birga, saf mashqi, jangovar qurol-yarogʻlarni yigʻish hamda Umumharbiy nizomga oid bilim va koʻnikmalarini boyitadilar. Xuddi shunday, huquqqa aloqador fanlarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Toʻgʻri, pandemiya tufayli bu tadbirlar biroz sustlashgandek boʻldi. Litseyga optik tolali tarmoq tortilib, oʻquvchilarning «ZOOM» dasturi orqali bilim olishi uchun sharoit yaratilishi bilan hammasi oʻzgardi. Ushbu yangilik yoshlarning yirik kutubxonalardagi elektron adabiyotlardan foydalanish, turdosh litseylar oʻrtasida hamda xalqaro miqyosdagi ilmiy konferentsiyalarda bilvosita qatnashish imkoniyatini kengaytirdi. Telegram kanalida esa guruhlar ochilib, oʻquvchilarning bilimini oshirishga qaratilgan «Munozara» klublari yuzaga keltirildi.

Bu imkoniyatu sharoitlardan toʻgʻri foydalangan tengdoshlarining orzulari roʻyobga chiqishiga Dilshodning ishonchi komil. Chunonchi, oʻtgan oʻquv yilida u taʼlim olayotgan litseyning 97 nafar bitiruvchisi oliy oʻquv yurtlariga kirdi. Ulardan biri Nigora Mamaraimova Xitoyning Guanchjou universitetining xalqaro turizm fakultetida tahsil olmoqda. 13 nafar yigit-qizga esa IIV Akademiyasi kursantlari safidan joy olish nasib etdi.

U yana shunga ishonadiki, joriy yil kuzining ilk kunida IIV Akademiyasida kursantlar roʻyxati oʻqilganida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Xuroson qishlogʻida yashovchi, IIV Jizzax akademik litseyida oʻqigan Dilshod Toshtemirovning ham ismi sharifi, albatta, tilga olinadi. U mazkur niyatining ushalishi uchun bor kuchi va salohiyatini bilim olishga safarbar etyapti.

Alijon ABDUSATTOROV,

«Rostda» muxbiri.

Jizzax viloyati.  

Muallif olgan suratlar.