Mazkur qaror axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Qarorda ustuvor vazifalardan biri sifatida Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida yagona ishlash amaliyotini yoʻlga kuyish, bu borada barcha masʼul davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda manzilli hamkorligini tashkil etish boʻyicha vakolatli organ etib belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda normativ-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish maqsadida sohaning ustuvor yoʻnalishlari va ishlash mexanizmlari, shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish va fosh etishda davlat organlari, banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining aniq masʼuliyatini belgilaydigan “Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish ham belgilangan.

Shuningdek, qarorda kiberjinoyatlarni fosh etish mexanizmlari sifatida kiberjinoyatlarni barvaqt toʻxtatish va tezkorlik bilan fosh etish, shuningdek, pul mablagʻlarining respublika hududidan chiqib ketishini oldini olish boʻyicha:

ichki ishlar organlari masʼul boʻlinmalari soʻroviga asosan shubhali pul oʻtkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan bloklash;

shubhali pul oʻtkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalari haqidagi maʼlumotlarni zudlik bilan ichki ishlar organlari masʼul boʻlinmalariga taqdim etib borishi belgilangan.

Endilikda, Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura va Markaziy bank bilan birgalikda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda tezkorlik bilan maʼlumotlar uzatish va kelib tushayotgan murojaatlar boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish maqsadida elektron maʼlumotlar almashinuv platformasi faoliyatini yoʻlga qoʻyadi.

Shu bilan birga qarorda:

har oy yakuni boʻyicha tizimida eng koʻp kiberjinoyatlar (zaifliklar va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan) qayd etilgan banklar va toʻlov tashkilotlari roʻyxati ommaga eʼlon qilinadi;

Markaziy bank tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning tranzaktsiyalarini monitoring qilish orqali aholi pul mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlari yoki shubhalar mavjud boʻlgan holatlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tartibi belgilandi.

Mazkur qaror mamlakatimizning har bir fuqarosini kiberjinoyatlar qurboni boʻlishdan himoya qilishga qaratilgan asosli maʼlumotlardan xabardor boʻlish tizimi yaratilishi natijasida oʻz mulkiga nisbatan boʻlgan huquqlarini davlat tomonidan kafolatli himoya qilinishiga xizmat qiladi.