Kun qahramoni

1996 yili Qamashi tumanida tugʻilgan. 2014 yilda maishiy xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejini tugatgan. Bolaligidan sportning milliy kurash va sambo turlari bilan shugʻullangan Botir 2016–2017 yillarda harbiy xizmatni oʻtagan.  

Botir Xoliyorov ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2017 yilda viloyat IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasida safdor xodim sifatida boshlagan. 2018 yildan boshlab viloyat IIB TVBSOda xizmatni davom ettirib kelayotgan qahramonimiz ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan milliy kurash, qoʻl jangi, sambo va jangovar sambo boʻyicha musobaqalarda faol qatnashib, turli vazn toifalarida jamoa va shaxsiy birinchilikda mutlaq chempionlikni qoʻlga kiritib kelmoqda. 

– Kichik serjant Botir Xoliyorov nafaqat ichki ishlar organlari tizimlari, balki huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻrtasidagi musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻoliblar safidan joy olmoqda, – deydi otryad komandirining tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Asliddin Rayhonov. – Bundan tashqari, u Oʻzbekiston Respublikasi Jang sanʼati federatsiyasining sport musobaqalarida ham ichki ishlar organlari vakili sifatida faol qatnashib, 90 kilogramm vazn toifasida chempionlikni qoʻlga kiritdi. 

Zimmasiga yuklangan vazifalarni bekam-koʻst bajarib kelayotgan kichik serjant Botir Xoliyorov, kezi kelganda, yosh xodimlarga kasb sirlarini oʻrgatish bilan birga, sport yoʻnalishida yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, hamkasblarining eʼtiborini qozonmoqda. 

Sodiq RAHIMOV,

“Postda” muxbiri.

 Qashqadaryo viloyati.