Ichki ishlar organlarida erkaklar bilan yonma-yon turib, sidqidildan xizmat qilayotgan fidoyi va qatʼiyatli ayol xodimalar talaygina. Ular orasida Xorazm viloyati IIB TQX Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor vakili, mayor Nargiza Bekchanova ham bor. 

IIV Akademiyasini tamomlagan Nargiza ilk xizmat faoliyatini Hazorasp tumani IIB HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi inspektori lavozimida boshladi. Sohaga koʻnikishida unga murabbiylari yaqindan yordam berishdi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdi. Natijada hamjihatlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar bir yil oʻtar-oʻtmas oʻz samarasini berdi. Tuman hududida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishi keskin kamayishiga erishildi. 

Yosh xodimning qoʻlga kiritgan bu yutugʻi unga yanada masʼuliyatli lavozimda ishlash imkoniyatini yaratdi. 

U viloyat IIB TQX Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimi lavozimida xizmat faoliyatini davom ettirdi. Jinoyatlarni fosh etish shunchaki oson ish emas, albatta. Buni yaxshi anglagan lavhamiz qahramoni zimmasidagi vazifaga yanada masʼuliyat bilan yondashdi.

Mayor N. Bekcha­nova joriy yilda ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Eng yaxshi kitobxon» koʻrik-tanlovining respublika bosqichida faxrli birinchi oʻrinni egalladi.  

Lavhamiz qahramoni umr yoʻldoshi, mayor Jalolbek Bobojonov bilan oila tinch-totuvligiga alohida eʼtibor berishyapti. Kamronbek va Nozimaxon osoyishtalik posbonlarining suyukli farzandlari sifatida kamolga yetmoqda. 

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.