Joriy yilning 3-oktyabr kuni soat taxminan 22:00 larda Shovot tumani hududidan oʻtuvchi 4 K 986 avtomobilʼ yoʻlining 59-kilometrida “Kobalʼt” rusumli avtomashina ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir etildi. Eng achinarlisi shundaki, mazkur voqeaning sodir boʻlishiga, haydovchining spirtli ichimlik isteʼmol qilishi sabab boʻldi.
Shu boisdan, tumandagi “Kangli” mahallasida ushbu koʻngilsiz hodisaning muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish tashkil etildi. Unda viloyat IIB YHXB rahbariyati, mahalla faollari hamda ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etishdi.
Muhokamada soʻzga chiqqanlar mazkur voqea va unga imkon bergan holatlar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek yigʻilishda har bir haydovchi zimmasidagi masʼuliyatni unutmagan holda, hushyorlik bilan avtomashina boshqarishi, spirtli ichimlik isteʼmol qilmasligi, yoʻllarda harakatlanayotgan piyoda, velosipedchi va boshqa yoʻl ishtirokchilariga eʼtiborli boʻlishlari taʼkidlab oʻtildi. Shu bilan birga, masʼul rahbarlarga ushbu yoʻl-transport hodisasidan yetarlicha xulosa chiqarib, targʻibot tadbirlarini yanada kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
