Bozor iqtisodiyoti qonunlariga asoslangan barcha mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy boshqaruv usullariga muvofiq, samarali faoliyat yuritishni taʼminlovchi eng muhim profilaktik vositalardan biri oʻz tarkibida korrupsiyaga qarshi “komplayens nazorat” tizimini joriy etish hisoblanadi.

“Komplayens”, ”komplayens-nazorat” tushunchalari – rozilik, muvofiqlik va aniq belgilangan qoida, standart hamda koʻrsatmalarga muvofiq faoliyat yuritish degan maʼnolarni anglatadi. Respublikamizda “komplayens-nazorat” tizimining bir nechta shakllari mavjud boʻlib, ular: tibbiyot, davlat fuqarolik xizmati, bank, bojxona sohalarida, jinoiy daromadlarni legallashtirish, monopoliyaga qarshi kurashish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yoʻnalishlarda joriy etiladigan “komplayens nazorat” hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar, banklar va xususiy sektor faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etilishini taʼminlovchi, korrupsiya xavf xatarlari va manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash hamda ularga chek qoʻyish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish kabi qator profilaktik choralarni oʻzida mujassam etgan samarali tizimdir.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, davlat va jamiyatning barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar olib borilyapti.    Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tashkil etilib, unga barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy nazorat tizimini bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi yuklatilganligi juda quvonarli ish boʻldi.

Korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini joriy etishning dastlabki bosqichi tajriba tariqasida 30 ga yaqin vazirlik va idoralarda, keyinchalik barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 

Davlatimi rahbari tomonidan koʻplab qaror, farmonlar, aynan oʻsha xavfli illatga qarshi bevosita kurashadigan butun boshli Agentlik tashkil etilgani bilan mamlakatimizda sodir etilayotgan korrupsiyaviy qilmishlarning, jinoiy harakatlarning kamayishiga erishildimi degan haqli savol tugʻiladi, albatta. Mazkur yoʻnalishda qabul qilingan qonun, qaror va farmonlar aynan korrupsiyaga qarshi kurashga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻzining samarasini berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi qisqa muddatda koʻzga koʻrinarli tadbirlarni amalga oshirdi. Aksariyat sohalarda korrupsiyaning oldi olindi. Lekin, ming afsuski, poraxoʻrlik hali toʻliq bartaraf etilgani yoʻq. 

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, hammamiz Prezidentimizning atrofida jipslashib, u kishiga yelkadosh, kamarbasta boʻlib korrupsiyaga qarshi bir tanu-bir jon boʻlib kurashsakkina, oʻylagan maqsadimizga erishamiz. Korrupsiya degan baloni tag-tomiri bilan qoʻporib tashlaymiz. Ana shundagina xalqimiz bizdan rozi boʻladi.

Akmal INANBABAYEV,

H.M. Abdullayev nomidagi

 Geologiya va geofizika instituti

 bosh huquqiy maslahatchisi.