Oʻzbekiston Respublikasi IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondonligida qoʻmondonlik hamda 7251-harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirokida profilaktik mashgʻulot tashkil etildi.

Mashgʻulotda Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Eshmuhammad Qodirov ishtirok etib, “Korruptsiya – davlat va jamiyatning eng asosiy kushandasi” mavzusida maʼruza qildi. Ayni paytda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida koʻplab ishlar amalga oshirib kelinayotganini taʼkidlab, bu jarayonda hamma faol ishtirok etishi kerakligini qayd etdi. Barcha, shu jumladan harbiy xizmatchilar ham korruptsiviy holatlarga yoʻl qoʻymasligi, unga qarshi kurashishi, bundan holatlarga befarq boʻlmasdan, rahbarlarga oʻz vaqtida axborot berishlari lozimligini tushuntirib oʻtdi.

– Oramizda korruptsiyaga faqat huquq-tartibot idorlari qarshi kurashishi kerak, deydiganlar ham uchrab turadi, – dedi Eshmuhammad Qodirov. – Lekin bu notoʻgʻri. Bu illatga qarshi qaysi soha vakili boʻlishidan qatʼi nazar hamma birgalikda kurashishi, uning oldini olishi lozim. Zero unga jamoaviy tarzda kurashgandagina maqsadimizga erishishimiz mumkin boʻladi.

Oʻz muxbirimiz.