Kiberjinoyatchilarning xatti-harakatlari xufiyona boʻlib, ularni javobgarlikka tortish biroz qiyin kechadi. Mamlakatimizda bu borada soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarida ham islohotlar amalga oshirilib, ushbu jinoyatlarni oʻz vaqtida aniqlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida ana shunday jinoyatlardan biri sodir etildi. Ushbu voqea raqamli pul – kriptovalyuta bilan bogʻliq boʻlib, bir «uddaburon» ikki kishini oʻz qarmogʻiga ilintirdi. Shu oʻrinda «raqamli pul» nima ekanligiga oydinlik kiritib oʻtsak.
Kriptovalyuta – tranzaksiya (maʼlum miqdordagi pul bir hisobdan boshqasiga oʻtkaziladigan yakunlangan bank operatsiyasi) tekshiruvida banklar ishtirok etmaydigan, norasmiy toʻlov tizimi sanaladi. Bu istalgan foydalanuvchiga toʻlov yuborish va qabul qilish imkonini beruvchi, teng huquqli ishtirokchilar tizimidir.
U bilan toʻlovlar faqat aniq tranzaksiyalar uchun, raqamli koʻrinishda, onlayn maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi.
Doniyorning (ism-shariflar oʻzgartirildi) oʻgʻli Angliyadagi universitetlarning birida magistraturaga qabul qilingan edi. Toʻlov kontraktining bir yillik miqdori esa 40100 funtsterlingni tashkil etar ekan. Oʻgʻlining toʻlov kontraktini tezda toʻlab berishi kerak. Lekin kontraktni bank orqali toʻgʻridan-toʻgʻri funtsterling koʻrinishida amalga oshirishning imkoniyati yoʻq. AQSH dollarini yevro yoki funtsterlingga ayirboshlab toʻlov qilinsa, maʼlum bir foiz almashtirish xarajatlariga ketadi. Shuning uchun oʻgʻli toʻlov kontraktini kriptovalyuta koʻrinishida amalga oshirsa ham boʻlishini, bunda hech qanday bank xarajatlari va qoʻshimcha toʻlovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri universitetning hisob raqamiga tushishini aytadi.
Shundan soʻng Doniyor ushbu ish bilan shugʻullanuvchilarni qidira boshlaydi. Internetdagi telegram ijtimoiy tarmogʻida profil ochib, shu orqali kriptovalyuta almashtirish haqida eʼlon bergan Fazliddinni topib, aloqaga chiqadi. Ular kelishilganidek, Mirobod tumanidagi mahallalarning birida uchrashishadi. Fazliddin dastlab bu ishlarni uning boshligʻi orqali hal etishini aytib, Erkin ismli shaxsga telefon qiladi. U Doniyorning begona ekanligini, faqat Fazliddinning oʻzi uyga kirishini aytadi. Fazliddin esa Doniyorga oʻzi minib kelgan «Malibu-2» rusumli avtoulovda oʻtirib turishini aytib, 30 ming AQSH dollarini sanab olib, koʻp qavatli uylarning biriga kirib ketadi.
Oradan 20 daqiqacha vaqt oʻtadi hamki Fazliddindan darak boʻlmaydi. Doniyor unga telefon qilganida, chek olib kelish uchun ofisga ketganligini aytadi. Vaqt oʻtib borar, pul olib ketgan odam kela qolmaydi. Ishi bitishini intiqlik bilan kutayotgan Doniyor esa unga qayta-qayta qoʻngʻiroq qilaveradi. Oxiri Fazliddin telefonini oʻchirib qoʻyadi. Shundan soʻnggina aldanganligini bilgan Doniyor «102»ga sim qoqadi. Buni qarangki, ichki ishlar organlari xodimlari kelib, surishtiruv ishlarini olib borishsa, «Malibu-2» Fazliddinga tegishli emas ekan. Avtomashina kunlik ijara asosida olingan boʻlib chiqdi.
Tez orada gumonlanuvchi F.Nasriddinov qoʻlga olinib, qilmishlari uchun qonun ixtiyoriga topshirildi. Tergov-surishtiruv jarayonlarida
u Sobir ismli yana bir shaxsni ham chuv tushirgani aniqlandi. Sobirga AQSH dollarini elektron hamyoniga kriptovalyuta koʻrinishida tushirib berishni vaʼda qilib, 20 ming AQSH dollari miqdoridagi pulni sanab olib, «quyonning rasmini chizgan».
Shu oʻrinda aytish joizki, ushbu holatlarda jabrlanuvchilarning ham aybi bor, albatta. Chunki ular tanimagan, begona kishiga katta miqdordagi pullarni qoʻshqoʻllab topshirib yuborishgan. Zero, noqonuniy tarzda amalga oshirilgan har qanday xatti-harakatning oxiri voy.
Joʻrabek ODILOV,
mayor.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
