IIV Jazoni ijro etish departamentining Ikkinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi tasarrufidagi muassasalarda xizmat qilayotgan xodimlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish hamda ommaviy sport tadbirlarini tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

 Jumladan, Fargʻona shahridagi “Atletik” sport majmuasida mini futbol boʻyicha musobaqa ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qildi. Unda 6-son jazoni ijro etish koloniyasi, 3-, 6-, 10-son tergov hibsxonalarida xizmat olib borayotgan xodimlaridan iborat terma jamoalar ishtirok etdilar. 

 Bahslarni Fargʻona viloyati futbol Assosasiyasining malaka hakamlari adolatli va shaffof tarzda boshqarib bordilar. 

Qizgʻin va murosasiz bahslarga boy oʻtgan musobaqa yakunida 10-son tergov hibsxonasi xodimlaridan iborat jamoa barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

2-oʻrin 6-son tergov hibsxonasi, 3-oʻrin esa 3-son tergov hibsxonasi jamoalariga nasib etdi. Musobaqa gʻoliblari mintaqaviy markaz boshligʻi tomonida qimmatbaho sovgʻalar, medallar hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.  

Endi 10-son tergov hibsxonasi jamoasi mazkur musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etadi.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.