Andijon shahrida viloyat IIB JXX YHXB tomonidan targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Unda aholiga joriy yilning 1 oktyabridan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun fuqarolar kamida 16 yoshga toʻlgan, “A” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlishi hamda transport vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, raqam olinishi shartligi tushuntirilmoqda.

— Besh oydan buyon skuter minib yuribman,-deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Fazliddin Obidov. -Tadbir davomida uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va raqam olish zarurligi haqida maʼlumot berildi. Mavzuga doir barcha talablarga rioya qilgan holda, albatta, belgilangan tartibda hujjatlarimni rasmiylashtiraman. Zero, bu nafaqat boshqalarning, balki oʻzimning ham hayotim uchun muhimdir.  

Targʻibot tadbirlarining asosiy maqsadi yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, transport vositalari ustidan nazoratni kuchaytirish hamda fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Bu esa avariya holatlarining oldini olish, sugʻurta tizimini takomillashtirish va eng avvalo, haydovchi hamda yoʻlovchilar xavfsizligini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Saminjon HUSANZODA,

oʻz muxbirimiz. Andijon viloyati.