Leytenant Erkinov Umidjon Oybek oʻgʻli 1998 yilning 13 yanvar kuni Namangan viloyatining Norin tumanida tugʻilgan. 2020 yilda IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlagan.
Ilk xizmat faoliyatini 2020 yilning avgust oyida Norin tumanidagi “Boʻzoʻlmas” mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektori lavozimida boshlagan yosh xodim oʻtgan qisqa davr mobaynida soha sir-asrorlarini puxta oʻrganib, hozirda ham mazkur lavozimda samarali xizmat qilib kelayotir.
Asosiy vazifasi ushbu hudud aholisi tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash boʻlgan bu xodim xizmat faoliyatini boshlaganidan bugungi kunga qadar, 70 ga yaqin huquqbuzarlik va 10 ga yaqin jinoyatlarning oldini olishga muyassar boʻldi. Bundan tashqari, huquqbuzarliklar sodir etgan 200 dan ortiq fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, shundan 40 ga yaqiniga maʼmuriy tartibda choralar koʻrildi.
Eng quvonarlisi esa, u xizmat olib borayotgan mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Bu ham boʻlsa, yosh xodimning oʻz ishiga boʻlgan yuksak masʼuliyatidan namunadir.
Hozirda 2520 nafar aholi yashaydigan mazkur hududda faoliyat olib borayotgan Umidjon har kuni ertalab ushbu mahalla faollari bilan reja asosida xizmat faoliyatini boshlagan holda hududdagi kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan hamda yolgʻiz yashovchi nuroniylarning xonadoniga tashrif buyurib, ularni qiynayotgan muammolarga yaqindan yordam bermoqda. Shuningdek, spirtli ichimlikka roʻju qoʻygan va profilaktik hisobda turuvchi shaxslarning ham uylariga borib, muntazam ravishda tushuntirishlar olib borayotir. Shu bilan birga, fuqarolarning bandligini taʼminlash masalasiga ham astoyidil hissa qoʻshib, ularning 18 nafarini ishga joylashtirdi.
Shu bilan birga, ajrashish yoqasiga kelib qolgan 10 ga yaqin oilalarni yarashtirishga muvaffaq boʻldi.
Shu boisdan, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan leytenant U. Erkinovning xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib baholanmoqda.
Shunday ekan, tinib-tinchimas bu xodimga ona Vatan osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli faoliyatida ulkan zafarlar tilaymiz!
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
