Ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan katta serjant Ikromjon Nazarov 1986-yilning 17-dekabrida Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 2005-yilda ushbu tumandagi iqtidorli bolalar litsey-internatini 2017-yilda esa, Toshkent harbiy okrugiga qarashli Chirchiq shahridagi Serjantlar tayyorlash maktabini muvaffaqiyatli tamomlaydi.

Ilk xizmat faoliyatini 2006-yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizda joylashgan 7531-harbiy qism seksiya komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy ustozlaridan xizmat sir-asrorlarini mukammal oʻrganib, hozirda Navoiy shahridagi 7532-harbiy qism guruh komandiri lavozimida samarali xizmat qilib kelmoqda.

Shu bilan birga, oʻzining tirishqoqligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan gʻayrat-shijoatli bu yigit oʻziga berilgan topshiriqlarni ham jonkuyarlik bilan ado etayotir. Shuningdek, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelyapti.

Bundan tashqari, oʻtgan yili IIVning “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan tinib-tinchimas bu inson, yosh harbiy xizmatchilarni ona yurtga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam bermoqda.

Shu boisdan, xizmati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan katta serjant Ikromjon Nazarovning ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib baholanib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirilgan.

Shu sababli, biz ham uning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilab, bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini kutib qolamiz!

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.