Ona yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida kunu tun oʻzining fidoyi xizmatini ayamasdan faoliyat yuritib kelayotgan harbiylarimiz talaygina. Ulardan biri kichik serjant Hojiqoʻziyev Baxtiyorjon Soyibboy oʻgʻlidir. U 1985 yilning 13 oktyabrida Namangan viloyatining Chortoq tumanida tavallud topgan. 2004 yili Namangan shahridagi Agrotadbirkorlik kollejining Huquqshunoslik mutaxassisligini aʼlo baholarga bitirgan.
Ilk xizmatini 2011 yilda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent shahrida joylashgan 7534-harbiy qismda nazoratchi-oʻqchi lavozimida boshlagan yosh harbiy ustozlari yordamida kasb qirralarini puxta egallab, hozirda ham mazkur harbiy qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlinmasi masʼul ijrochisi lavozimida muvaffaqiyatli xizmat qilib kelmoqda
Oʻzining intiluvchanligi, tashabbuskorligi va tirishqoqligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ham vaqtida bajarib, jamoaning hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻlayotir.
Bundan tashqari, poytaxtimizdagi koʻplab taʼlim muassasalarida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini ham muntazam ravishda oʻtkazib kelayotgan lavhamiz qahramoni harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy intizomni mustahkamlash hamda shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
Shuningdek, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan B. Hojiqoʻziyevning xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib eʼtirof etilib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirib kelinyapti.
Shu boisdan, kichik serjant Baxtiyorjon Hojiqoʻziyevning mamlakatimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, kelgusi faoliyatida bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini tilab qolamiz!
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
