Podpolkovnik Ochilov Akbar Hojiyevich 1978 yili Navoiy tumanida tugʻilgan. 1999 yilda hozirgi Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutini muvaffaqiyatli tamomlaydi. 

Ilk xizmat faoliyatini mazkur yilda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qism vzvod komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi kasb sir-asrorlarini mukammal egallab, 2017 yilning avgust oyigacha ushbu harbiy qism komandirining 1-oʻrinbosari lavozimigacha boʻlgan mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtadi. 

Hozirda esa, IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Namangan viloyatida joylashgan 7552-harbiy qism komandiri lavozimida xizmat qilib kelayotgan lavhamiz qahramoni harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy intizomni mustahkamlash bilan birga, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. 

Shuningdek, tinib-tinchimas Akbar Ochilov 2009 yilda oʻtkazilgan “Eng ilgʻor kasb mutaxassisi” koʻrik-tanlovining “Eng ilgʻor batalon komandiri” nominatsiyasida Qorovul qoʻshinlari va Qurolli Kuchlar miqyosida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2014 yilda Prezident farmoniga muvofiq “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. 

Bundan tashqari, 2019 yili Ichki ishlar vazirligining “Aʼlo xizmatlari uchun”, joriy yilda esa, 1-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari bilan ham mukofotlandi.

Shu boisdan, podpolkovnik A. Ochilovning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, kelgusi faoliyatida bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini tilab qolamiz! 

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.