Kapitan Oʻrinboyev Asliddin Ergashjonovich

Kapitan Asliddin Oʻrinboyev 1989 yilda Oltiariq tumanining Boʻston mahallasida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2012 yilda boshlagan. Hozirda Rishton tumanidagi Qayragʻoch mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatuvchi ichki ishlar organi tayanch punkti profilaktika inspektori.

Shu yilning 22 yanvar kunidan 23 yanvariga oʻtar kechasi kapitan Asliddin Oʻrinboyev tungi xizmatga jalb etilgan edi. Soat 00:30 lar chamasi u oʻziga biriktirilgan Hurramobod mahallasi hududini nazorat qilib yurganida kutilmaganda roʻparasidan notanish yigit chiqib qoldi. U profilaktika inspektorining avtomashinasini koʻrgach, bezovtalanib, yana ortiga qaytib yura boshladi.

Qahramonimiz yigitning xatti-harakatidan shubhalanib, uni toʻxtatib suhbatlashdi. Nomaʼlum shaxs suhbat jarayonida poyma-poy gapirib, inspektorni chalgʻitishga urindi. Yonidagi sumkasida sartaroshlik kasbida foydalaniladigan bir necha dastgoh va buyumlar bor edi.

Kapitan Asliddin Oʻrinboyev yigitning shaxsiga aniqlik kiritish va profilaktik suhbat oʻtkazish uchun uni tuman ichki ishlar boʻlimiga olib keldi. Shu payt Rishton tumani Minor mahallasida yashovchi fuqaro A. Madrahimov “102” axborotlashtirilgan markaziga murojaat qilib, oʻziga tegishli sartaroshxonada oʻgʻrilik jinoyati sodir boʻlgani haqida xabar berdi.

Dastlabki surishtiruvlar davomida mazkur oʻgʻrilik jinoyatini kapitan Asliddin Oʻrinboyev ushlab kelgan oʻsha yigit sheriklari bilan birgalikda sodir etganligi maʼlum boʻldi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Rishton tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov jarayoni ketmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.