Ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlida munosib xizmat qilib kelayotgan kapitan Mardonbek Otajonov 1990 yilning 25 iyul kuni Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir tumanida tugʻilgan. 2014 yilda hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlaydi.

Ilk xizmat faoliyatini 2014 yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizdagi 7534-harbiy qism jangovar guruh komandirining maxsus tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi ustozlari yordamida kasb sir-asrorlarini mukammal egallab, hozirda mazkur harbiy qism vzvod komandiri lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, oʻzining harakatchanligi, tirishqoqligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit, oʻziga berilgan topshiriqlarni ham jonkuyarlik bilan ado etib, safdoshlariga namuna boʻlib kelyapti.

Shuningdek, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining fidoyiligi bilan harbiy qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berayotir.

Shu sababli, faoliyati davomida ijobiy natijalarni qoʻlga kiritib kelayotgan kapitan Mardonbek Otajonovning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan inobatga olinib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirilmoqda.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.