Leytenant Surayyo Abdullayeva 1992 yili Buxoro viloyati Peshku tumanida tugʻilgan. 2017 yilda IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash boʻyicha oliy kursini tamomlab, Navoiy shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimining inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. 2020 yildan buyon Navoiy shahar IIOFMB 2-sonli IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi xotin-qizlar masalalari boʻyicha kata inspektori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Qahramonimiz yoshligidan ilmga intiluvchanligi bois rus va ingliz tillarini mukammal oʻrgangan. Faoliyati davomida xizmatda erishgan yutuqlari uchun viloyat IIB rahbariyati tomonidan 3 marotaba ragʻbatlantirilgan. Oilada mehribon beka, bir farzandning sevimli onasi.
Surayyo Abdullayeva xotin-qizlar masalalariga, ularni qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklarga befarq emas. Doimo ularning dardiga sherik va munosib himoyachisidir. Oʻziga biriktirilgan 7 ta mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 20 ming 535 nafar xotin-qizlarning tinch-totuv yashashini taʼminlash yoʻlida tinim bilmaydi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan asrash maqsadida 2020 yilda yosh xodimaning saʼy-harakatlari bilan 103 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi. Joriy yil boshidan hozirga qadar bu koʻrsatkich 35 nafarni tashkil etadi. Oʻz huzur-halovatidan kechib, xotin-qizlarning qonuniy haq-huquqlari, insoniy qadr-qimmati va shaʼni poymol etilishiga yoʻl qoʻymaslikka, jamiyatimizda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan Surayyo Abdullayeva fidoyiligi va jonkuyarligi bilan koʻplab hamkasblariga namuna boʻla oladi.
Dilrabo ABDUHAMIDOVA,
safdor.
Navoiy viloyati.
