Jonajon yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida kunu tun tinim bilmay xizmat qilib kelayotgan katta serjant Joʻraqulov Farhod Yorqulovich ham maqtasa arzigulik harbiylarimizdan biri sanaladi. U 1978-yilning 31-iyul kuni Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tavallud topgan. 1995-yilda mazkur tumandagi 58-sonli oʻrta maktabni muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 1998-yili oʻsha paytdagi IIV Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti maxsus aloqa guruhi katta mutaxassisi lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi hozirda IIV Harbiy tuzilmalarining faoliyatini taʼminlash bazasi montaj-sozlash sexi katta texnigi lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek u oʻzining tirishqoqligi va harakatchanligi bilan berilgan topshiriqlarni ham fidoyilik bilan vaqtida ado etib, boshqa safdoshlariga namuna boʻlib kelayotir.
Bundan tashqari, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining jonkuyarligi bilan baza rahbariyatiga yaqindan yordam berib kelyapti.
Shu sababli, faoliyati davomida koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgan katta serjant Farhod Joʻraqulovning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib qadrlanib, bir necha marotaba ragʻbatlantirilgan.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
