2021-yilning 10-dekabr kuni tungi soat 2:30lar edi. Toshkent shahar Bektemir tumanidagi “Bektemir” YPX maskanidan oʻtib ketayotgan “Kobalt” rusumli avtoulov toʻxtatib tekshirilganida, yoʻlovchi sifatida kelayotgan Qoʻqon shahrilik fuqaro D. E.ning yonidan 27 dona “Tropikamid” psixotrop moddasi topiladi.
Joriy yilning 5-yanvar kuni 21:05 larda xuddi shu YPX maskanida yana bir oq rangli “Kobalt” rusumli avtoulovni toʻxtatiladi. Shu yerda xizmat olib borayotgan Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi 2-maxsus safarbarlik batalyoni 1-otryad xodimi, katta serjant Oʻktam Joʻrayev kinologiya xizmati xodimi bilan hamkorlikda avtoulovda yoʻlovchi sifatida kelayotgan 2000-yilda tugʻilgan A.Ch.ni tekshirib koʻrishganida, uning yonidan yashil rangli, oʻtkir hidli sellofan paketga oʻralgan giyohvandlik moddasi borligi aniqlanadi.
Ushbu ikki holat boʻyicha aniqlangan qonunbuzar shaxslar Bektemir tumani IIOFMBga olib borib topshirilgan.
Oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan katta serjant Oʻ. Joʻrayev oxirgi bir oy ichida hamkasblari bilan mana shu ikki holatdagi kabi 10 ga yaqin jinoyatni sergaklik va hushyorlikni oshirgan holda, oʻz vaqtida aniqlashga muvaffaq boʻldi.
Katta serjant Joʻrayev Oʻktam Usmonovich 1985-yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2008-yil mart oyidan boshlagan. IIV Akademiyasi STTOKni tamomlab, 2020-yil 12-sentyabridan PPX brigadasida xizmat qilib kelmoqda.
Sarvar SOBIROV,
“Postda” muxbiri.
