Leytenant Sherzod Yangiboev Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida tugʻilgan. Dastlab Mirzaobod tumanidagi iqtidorli bolalar maktabida tahsil olgan Sherzod 2016 yilda Guliston davlat universiteti qoshidagi 1-sonli akademik liseyni aʼlo baholarga yakunladi. 

Shu yilning oʻzida IIV Akademiyasiga oʻqishga qabul qilindi. Mazkur ilm dargohini tamomlagach, Sirdaryo viloyati IIB boshligʻining buyrugʻi bilan Sirdaryo tumani IIB XPB “Quyosh” mahallasi profilaktika inspektori lavozimiga tayinlandi. Sherzod Yangiboev yosh boʻlishiga qaramay, xizmat faoliyatidagi yutuqlari bilan hamkasblariga namuna boʻlib kelmoqda. 

Xizmat faoliyati davomida sinchkovligi, mahalla fuqarolari bilan tezda til topishib ketganligi, mavjud muammolarni hal qilishda qoʻl keldi. Shu sababli ham oʻtgan yili mahallada noqonuniy ov quroli saqlash, giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlash va yetishtirish jinoyatlari oʻz vaqtida aniqlandi. 

Sherzod xizmat faoliyati davomida “Har bir oila tinchligi — mahalla tinchligi” tamoyiliga amal qiladi. Shu bois 2020 yilda uning tashabbusi bilan mahalladagi tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 16 nafar ayolga himoya orderi berildi. Bu oʻz samarasini berib, oilalardagi ajrim, oʻzaro janjallar soni keskin kamaydi.

Sherzod Yangiboev mahallada huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda mahalla oqsoqollari, faollarini oʻz atrofiga birlashtira oldi. Bu esa oʻtgan yilda mahallada jinoyatchilik kamayishiga sabab boʻldi. Ayniqsa, ajrim yoqasiga kelib qolgan bir nechta oilani yarashtirish, spirtli ichimlikka ruju qoʻygan fuqarolarni sogʻlom turmush tarziga qaytarish borasida jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

“Postda” muxbiri.

Sirdaryo viloyati.