1997- yilning kuzida dehqonobodlik Murodjonning oilasida qiz farzand tugʻildi. Ismini Muhabbat deya atashdi. Muhabbat bolaligidanoq barchadan ajralib turadigan oʻta iqtidorli qiz boʻlib chiqdi. Maktabda eng aʼlochi, faol va namunali oʻquvchi sifatida dadasi va ayasiga koʻp rahmatlar keltirdi. Bu hol akademik liseyda ham takrorlandi. Muhabbat Xidiralieva Guliston shahar 1-sonli akademik liseyini imtiyozli diplom bilan tugatishi bilan qanot yozib, poytaxtga yoʻl oldi. Shu yilning oʻzida ancha-muncha yigitlar yetisholmagan orzuga erishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursanti boʻldi.
Tinglovchilik davrida ham namunali xulqi, bilimi va iqtidori bilan barchani lol qoldirgan qiz Ichki ishlar vaziri stipendianti boʻldi. “Akademiya yoshlari” gazetasining chop etilishiga katta hissa qoʻshdi. Oliy dargohni yakunlayotganida, besh yuzta kursantning ichida faqat unga muddatidan oldin katta leytenant unvoni berildi. Uni Sirdaryo viloyati IIB XPB XQMB katta inspektori vazifasiga tayinlashdi.
Xizmat faoliyati davomida Muhabbat Xidiralieva xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, oilalarning butligini saqlashga katta ahamiyat qaratib kelmoqda. Oʻtgan uch yil davomida aynan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida boshqa davlat organlari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Sirdaryo viloyati hokimligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, fuqarolik ishlari boʻyicha sud va boshqa organlar oʻrtasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar koʻlami ikki barobar oshdi.
Ayniqsa, xotin-qizlarni zoʻravonlikdan asrash, odam savdosining oldini olish doimiy diqqat-eʼtiborida. U oilalar butligini asrash yoʻlida kuniga yuz chaqirimlab yoʻl bosishdan erinmaydi. Bir kuni olis Sardoba tumaniga ikki marta borib kelishiga toʻgʻri kelgan. Oʻshanda tumandagi oilalardan birida katta mojaro yuzaga kelgan, qaynona kelinini sigʻdirmagan, natijada, u ikkita bolasini olganicha uydan chiqib ketgan.
Eng qizigʻi, u ota-onasinikiga ham bormagan. Rahbariyatdan topshiriq olgan Muhabbat erta tongdanoq Sardobaga yoʻl olib, kelinni izlash ishlarida ishtirok etdi. Izlanishlar natija beravermagach, ish tigʻizligi sabab viloyat markaziga qaytdi. Yoʻl-yoʻlakay kelinning tarjimai holini yana bir bor koʻzdan kechirgach, xayoliga kelgan fikrni tekshirish maqsadida viloyatdagi Mehribonlik uyiga kirib ketishga qaror qildi.
Qarangki, oʻz bolalarini Mehribonlik uyiga topshirmoqchi boʻlib turgan kelinga duch keldi. Hayotdan zada boʻlib ketgan ayolni alohida honaga olib kirib, suhbatlashgach, ularni olib ortga, Sardobaga qaytdi. Oilani yarashtirish ishlari yarim kechgacha choʻzildi. Qattiq oʻrnatilgan nazorat sabab bir yil ichida ushbu oilada oilaviy janjallar bartaraf etildi.
Muhabbat Xidiralievaning ish tajribasida bu kabi misollar koʻp. U iqtidorli ijodkor. “Toʻkilgan dardlar” sheʼriy toʻplami chop etilgan. “Yil ayoli” koʻrik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosiqichida “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominasiyasi boʻyicha gʻolib, deb topilgan. Oilali. Turmush oʻrtogʻi Bahodir Mirzaev ham ichki ishlar organi xodimi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
“Postda” muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
