Lavhamiz qaxramoni serjant Maqsad Kamolov sportda hamda xizmatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlgan yosh xodimlardan biri. U ayni kunda viloyat IIB JXX JTSB PPX batalʼonida xizmat qilmoqda.
Urganch olimpiya zaxiralari sport kollejini tamomlagan Maqsad Kamolov harbiy xizmat safida oʻz yigitlik burchini oʻtadi. U vatan sarhadlarini himoya qilish bilan bir qatorda harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilgan koʻplab sport musobaqalarida ham ishtirok etdi. Harbiy xizmatdan qaytgach, Urganch davlat universitetining jismoniy madaniyat fakulʼtetida tahsil oldi. Shundan soʻng u hayotini yurt osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasb bilan bogʻlashga ahd qildi.
Boshqarma rahbariyati sportda oʻziga xos yutuqlarga erishayotgan bu yigitni viloyat IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadiga xizmatga qilib kilishdi. Jangovar topshiriqlarni bajarishda jismoniy hamda kasbiy mahorat muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi anglagan kichik serjant Maqsad Kamolov sport mashgʻulotlarini davom ettirdi. Ustozi, tajribali murabbiy mayor Elbek Bogʻibekovdan kurash sirlarini yanada puxtaroq oʻrganishga harakat qildi. Oradan koʻp oʻtmay u ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan sport musobaqalarida gʻalabali odimlarini davom ettirdi.
Istiqlol bergan imkoniyatdan samarali foydalangan lavhamiz qaxramoni toʻrt yil viloyat IIB TVBSOda xizmat qilib, viloyat hududida sodir etilgan koʻplab jinoyatlarni fosh etishda faol ishtirok etdi. Shuningdek, Navoiy shahrida sambo boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston kubogi musobaqasida oʻz vazn toifasi boʻyicha faxrli birinchi oʻrinni egalladi va sambo boʻyicha sport ustasi talabini bajardi.
Boshqarma rahbariyati xizmatda hamda sportda hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan serjant Maqsad Kamolovni viloyat IIB JXX JTSB PPX batalʼoniga oʻtkazishdi. U yangi jamoada ham oʻz bilim va mahoratini namoyon eta boshladi. Oradan koʻp oʻtmay Urganch shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan sportning dzyu-do turi boʻyicha “Dinamo” JTSJ birinchiligida ikkinchi oʻrin sohibi boʻldi.
Lavhamiz qaxramoni yaqinda yana bir nufuzli bellashuvda ishtirok etdi. U joriy yilning 18-19-avgust kunlari Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan Xiva shahrida sportning milliy kurash turi boʻyicha “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqasining respublika bosqichida 100 kilogrammdan yuqori boʻlgan vazn toifasida faxrli uchinchi oʻrinni egalladi.
Hayotini yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbga baxshida etayotgan Istiqlol tengdoshi, serjant Maqsad Kamolovni zafarli odimlari bilan samimiy qutlab, kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
