Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining kursantlari taʼlim jarayonida kelgusi xizmat faoliyatlari uchun zarur boʻladigan nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarni egallashadi. Keyingi faoliyatlari davomida esa izlanishdan toʻxtamasalar, hamisha olgʻa intilsalar, oʻz kasblarining ustasiga aylanadilar. Ana shunday umidli yoshlardan biri Xurshid Amrulloyevdir.

Xurshid Amrulloev 1992- yili Vobkent tumanida tugʻilib voyaga yetdi. U 2017- yilda IIV Akademiyasining huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishini muvaffaqiyatli tugatgan va shu yili Buxoro shahar IIOFMB 3-sonli IIB HPG profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Qisqa fursatda tajribasini oshirib, hamkasblari hamda rahbariyat nazariga tushdi. Ayniqsa, unga murabbiy etib biriktirilgan mayor Hamza Toʻevdan sohaning sir-asrorlarini astoydil oʻrgangani bois obroʻ-eʼtibor qozondi.

Kapitan X. Amrulloev zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his etadi. Kasbiy mahoratini oshirish uchun oʻz ustida tinmay izlanadi. Shu bois u xizmat olib borayotgan Gulshan mahallasida jinoyat va huquqbuzarlik holatlari keskin kamayishiga erishildi. Shuningdek, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani yaxshi samara beryapti. Aholining koʻplab muammolari joyida hal boʻlayotgani ham unga boʻlgan ishonchni oshirmoqda. U doimiy ravishda profilaktik hisobga olinganlar bilan suhbatlar oʻtkazib boryapti. Buning natijasida oilaviy janjalkashlar hamda muqaddam sudlanganlar tuzalish yoʻlga kirmoqda. Yarashtiruv komissiyasining faolligi tufayli keyingi yillarda oilaviy nizolar kamaydi. Oilaviy ajrimlarga ham yoʻl qoʻyilmadi. Oila-turmush doirasidagi janjallar oʻz vaqtida bartaraf etilmoqda.

Bundan tashqari, Xurshidjon shahar hududida oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlarda, targʻibotu tashviqot ishlarida, sport hamda koʻrik-tanlovlarda ham ancha faol. Xususan, joriy yilning 15−16 oktabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Eng yaxshi profilaktika inspektori” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida birinchi oʻrinni egalladi. Yaqinda Xurshidjonning otasi Abdullo Yadgarov viloyat IIB boshligʻining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.


Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.