Toshkent viloyati IIBB HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlim katta inspektori, kapitan Dildora Fayzullayeva 1982-yilda Toshkent viloyatining Qibray tumanida tugʻilgan.

Tumandagi 1-maktabni tugatgandan soʻng, Toshkent davlat aviatsiya institutida tahsil oldi. U ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2008 -yilda Toshkent shahar IIBB Axborot markazida operator lavozimidan boshladi. Keyinchalik IIV, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Oqqoʻrgʻon tumanlarida turli lavozimlarda samarali xizmat olib bordi.

Toshkent viloyati IIBBga oʻtgunga qadar kapitan D.Fayzullaeva uchinchi mintaqaviy hudud Oqqoʻrgʻon tumani IIB HPB xotin-qizlar masallalari boʻyicha inspektor lavozimida xizmat qildi. D.Fayzullaeva oʻtgan vaqt mobaynida turli lavozimlarda xizmat qilar ekan, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga hamohang yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, oilaviy ajrimlar va janjallarning oldini olish singari dolzarb muammolarga asosiy eʼtiborni qaratdi. Bugunga qadar aholi, asosan yoshlar va xotin-qizlarning unga turli masalalarda murojaat qilishining boisi ham shu.

Ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari hamda jamoatchilik vakillari hamkorligida oilalardagi ajrimlar hamda xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlarda uning ham munosib hissasi bor.

– Xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, oilalarda sogʻlom muhitni qaror toptirish zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi, – deydi kapitan D. Fayzullaeva. – Bu borada olib borayotgan saʼy-harakatlarimiz ijobiy natijasini berayotganini alohida eʼtirof etish lozim. Kimningdir yechimini kutayotgan muammosini hal qilib bergan, kimgadir oz boʻlsa-da, yordamimiz tekkan boʻlsa eng katta muvaffaqiyatimiz shu.

Uyida xotirjamlik boʻlgan insongina oʻzgalar xotirjamligi uchun joy kuydirishi mumkin. Shu maʼnoda Dildorani ishda ham oilada ham baxtiyor insonlardan biri deyish mumkin. U ishda ham xizmatda ham turmush oʻrtogʻi Farhod Xolmurodovga suyanadi. F. Xolmurodov Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahar IIB Tashkiliy boʻlinma boshligʻi lavozimida xizmat qilmoqda, unvoni podpolkovnik.

Sherzod ABDUSAMADOV,

“Postda” muxbiri.