Kapitan Sahob Tojiyev 1987 yilda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tugʻilgan. 2009 yilda Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagach, sohadagi faoliyatini Jizzax viloyati IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlinmasining 1 vzvodi xodimi vazifasida boshlagan. Ayni vaqtda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektori.

Sahob Tojiyev masʼuliyatli, ishchan va samimiy xodim sifatida mahalla fuqarolar yigʻini hamda jamoatchilik faollari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻya oldi. Natijada qonunbuzarliklarning oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni fosh qilish borasida yuqori samaradorlikka erishayapti. Chunonchi, u Sharof Rashidov tumani “Uchtepa” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi H.N.ning xonadonida sodir boʻlgan oʻgʻirlikni fosh qildi.

Turar joyda hech kim yoʻqligidan foydalangan jinoyatchi 5 million soʻmlik 7 dona qimmatbaho metallardan tayyorlangan taqinchoqlar hamda uyali aloqa vositasini olib ketgandi. Profilaktika inspektori tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu qingʻirlik Navoiy viloyati Tomdi tumani “Tomdibuloq” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi, muqaddam sudlangan A.Ye. tomonidan sodir etilgani aniqlandi va qoʻlga olindi.

2020 yilning 24 noyabrida Sahob Tojiyev qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatini sodir etib, javobgarlikdan qochib yurgan Sharof Rashidov tumani “Qahramon” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi M.R.ning Jizzax shahridagi yashirin manzilini aniqlab, ushladi.

Kapitan pandemiya sharoitida fuqarolarning karantin qoidalariga amal qilishini nazorat qildi. Shu bilan birga, mahalla faollari bilan birgalikda ehtiyojmand oilalarga samarali yordam koʻrsatilishiga erishdi. Uning tashabbusi bilan 22 nafar oilaga doimiy ravishda ijtimoiy koʻmak berildi, 3 kishi ishga joylashtirildi. Kam taʼminlangan 5 nafar ayolga imtiyozli kredit hamda 10 nafar fuqaroga ekin maydoni ajratildi.

Kapitan Sahob Tojiyevning bu kabi ezgu ishlari eʼtiborga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida oʻtgan yili “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari bilan birga aholi oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini muntazam oʻtkazib kelayotgan Sahob Tojiyev har jabhada yosh xodimlarga oʻrnak boʻlmoqda.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.