Alimardon Qahhorov 1986-yilda Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida tavallud topgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2016-yilda boshlagan.
Ayni paytda Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanidagi “Qoraqushchi” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan huquq-tartibot maskanida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilmoqda.
Katta leytenant Alimardon Qahhorov oʻziga biriktirilgan hududda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shu bilan birga, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishda ham faollik koʻrsatyapti.
Yaqinda mahala fuqarolar yigʻini hududida yashovchi fuqaro K.Aliev tuman IIBga murojaat qilib, oʻziga tegishli narxi 1 million 600 ming soʻmlik “PlayStation” qurilmasini kimdir oʻgʻirlab ketgani haqida xabar bergan va oʻgʻri topishda amaliy yordam soʻragan edi.
Ushbu jinoyat katta leytenant Alimardon Qahhorov tomonidan bir sutkaning ichida fosh etildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
