Bugungi lavhamiz qahramoni 1985-yilda purviqor Nurota togʻi bagʻridagi moʻʼjaz qishloqda, oʻqituvchilar oilasida tugʻilib voyaga yetdi. Otasi farzandlari ham oʻzi kabi ziyoli boʻlishini istab, ularga kasbining sir-sinoatlari, mashaqqatiyu rohatbaxsh kunlari haqida koʻp gapirardi. Ammo maktabni aʼlo baholarga bitirgan Alisher dabdurustdan Toshkent avtomobilʼ va yoʻllar institutiga hujjat topshirishini aytib qoldi. 

Bolaligidan ogʻir-bosiq, shu bilan birga jiddiy oʻgʻlidan bu gapni  kutmagan boʻlishsa-da, ota-onasi unga qarshilik qilishmadi. U kirish imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtdi. 2010-yilda institutni tugatgach, IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursida ham oʻqidi.  

Mana, 11 yildirki, Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida xizmat qilib kelmoqda. Ayni paytda katta leytenant Alisher Rahmonov Navoiy viloyatining Uchquduq tumani IIB YHXB boshligʻi lavozimida faoliyat olib boradi. U vazifasiga oʻta masʼuliyat bilan yondashadi, “Nazorat+targʻibot” tushunchasini oʻziga shior qilib olgan.

Joriy yilda ham Alisher Rahmonovning tashabbusi bilan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Haydovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida uzoq masofada harakatlanish qoidalari, mashinada uxlab qolmaslik uchun orom vaqtini tashkil etish, tezlikni meʼyoridan oshirmaslik kabi masalalarda maslahatlar beradi. 

Maktablarda kichik yoshdagi bolalar uchun oʻquv mashgʻulotlari, ekskursiyalar tashkil etib, Yoʻl harakati qoidalari hamda yoʻl belgilarini oʻrgatadi. Shu kunlarda davom etayotgan «Diqqat, piyoda!» tadbiriga bosh-qosh. Mazkur profilaktik tadbir davomida tuman hududidagi serqatnov yoʻllarga yaqin bozor, korxona va tashkilotlar qarshisida joylashgan piyodalar oʻtish joylariga YPX inspektorlarini biriktirdi. Oʻzi ham targʻibot-tashviqot tadbirlarida faol qatnashib, piyoda va velosipedchilarga yoʻllarda harakatlanish tartibini tushuntiryapti. Shuningdek, qoidabuzarlik sodir etgani uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan piyodalarga kelgusida bunday holatlarni takrorlamasliklari uchun ularga yoʻl harakati ishtirokchisi sifatidagi majburiyatlari toʻgʻrisida batafsil tushunchalar bermoqda.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.