Jizzax viloyati Baxmal tumani IIB 2-sonli ichki ishlar boʻlinmasi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili, leytenant Mirsharof Boyxoʻrozov 1994 yilda Baxmal tumanida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2018 yilda boshlagan. Egallab turgan lavozimida 2020 yildan buyon xizmat qilmoqda. U 2021 yilda koʻplab huquqbuzarliklarni aniqlab, qator jinoyatlarni fosh qildi.
Chunonchi, tungi soat 2:30 da Baxmal tumanining Oʻsmat shaharcha fuqarolar yigʻini hududida “Kobalt”ni toʻxtatib, tekshirganida avtomashina yukxonasida 1 bosh qoʻy borligi maʼlum boʻldi. Avtoulovdagilar bilan muloqot davomida Gʻallaorol tumani “Qashqabuloq” qishloq fuqarolar yigʻinida yashaydigan yoʻlovchi S.B. oʻziga tegishli mayda shoxli molni Baxmal tumaniga sotish uchun olib kelayotganligini bildirdi.
Tezkor vakil bemahal yurgan S. B.ning gap ohangidan shubhaga bordi va uning chorva molini qayerdan olganligini surishtirishga kirishdi. Koʻp oʻtmay qoʻy S.B tomonidan Gʻallaorol tumanining “Madaniyat” qishloq fuqarolar yigʻinida yashovchi U.M.ning ogʻilxonasidan oʻgʻirlanganligi aniqlandi.
Leytenant Mirsharof Boyxoʻrozovning xushyorligi bir jinoyatning fosh etilishi, shuningdek “Madaniyat” qishloq fuqarolar yigʻinida yashovchi U.M.ning manfaatlariga ziyon yetishining oldini olishga xizmat qildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
