1995-yili Namangan viloyati Mingbuloq tumanida tugʻilgan. 2019-yilda Namangan davlat universitetining psixologiya yoʻnalishini tamomlagan. Soʻng bir muddat Namangan viloyati asab ruxiy kasalliklar shifoxonasida psixolog lavozimida, keyin 20-sonli maktabda amaliyotchi-psixolog boʻlib ishladi. Ammo uning koʻnglida ichki ishlar organi xodimi boʻlish, forma kiyish orzusi bor edi. U oʻzini sinab koʻrishdan choʻchimadi va niyatlari amalga oshdi.
Qahramonimiz ayni paytda Mingbuloq tumanidagi Chordona mahallasida profilaktika inspektori vazifasida xizmat qilmoqda. U oʻz ishini yaxshi biladigan masʼuliyatli xodim sifatida safdoshlarining hurmatini qozongan. Mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani hudud ravnaqiga xizmat qilmoqda. Olib borilayotgan hamkorlikdagi saʼy-harakatlar natijasida xuquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda yuqori natijalar qoʻlga kiritilyapti.
Leytenant Otabek Ubaydullayev joriy yil boshidan hozirgacha 70 ga yaqin maʼmuriy huquqbuzarlik holatlarini aniqlab, bayonnomalar rasmiylashtirdi. 60 ga yaqin fuqaroning murojaatini oʻrganib, ularning ijobiy hal qilinishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Shuningdek, oʻquv muassasalarida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini ham muntazam oʻtkazib kelayotir.
Qahramonimiz Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Yosh liderlar” jamoasi aʼzosi hamdir. Joriy yilda ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining viloyat bosqichida faxrli 1-oʻrinni egallab, Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan. Respublika bosqichida 16 ta jamolar oʻrtasida 2-oʻrinni egallab, taqdirlangan. Shuningdek, osoyishtalik posbonlari oʻrtasida oʻtkazilgan suzish sport musobaqasida ham faol ishtirok etib, Respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan.
Qahramonimizning xizmatlari boshqarma boshligʻi tomonidan ham munosib baholanib, bir necha marotaba ragʻbatlantirilgan.
Feruza OTAXONOVA,
«Postda» muxbiri.
Namangan viloyati.
