1988-yilda Chiroqchi tumanida tugʻilgan Oybek yoshligidan toʻylarda kurash tushib chiniqdi. Kurashga boʻlgan qiziqishi tufayli maktabning 6-sinfini tugatgach, 2000-yili Qarshi shahridagi viloyat futbol maktab-internatining kurash boʻlimida oʻqishni davom ettirdi. 2004-yilda Qarshi olimpiya zaxiralari kollejining dzyudo boʻlimiga oʻqishga kirib, uch yil tahsil oldi. 

Kollejda oʻqib yurgan chogʻlarida ustozlari – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Bahodir Hojiev, jahon chempioni Bahrom Avazovlardan sportning dzyudo va milliy kurash sirlarini oʻrgandi. Viloyat va respublika musobaqalarida ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. 

Muddatli harbiy xizmatni tamomlagach, Qarshi davlat universitetining jismoniy madaniyat fakulʼtetida oʻqidi. Oliygohda tahsil olish bilan birga, musobaqalarda ishtirok etib, dastlab 73, soʻngra 81 kilogramm vazn toifalarida chempion boʻldi. 

Qahramonimiz 2015-yili viloyat IIBga hujjat topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, ilk faoliyatini Kitob tumani IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimi milisioneri vazifasidan boshladi. Zimmasidagi vazifalarni bekam-koʻst bajarishi bilan eʼtibor qozondi. Tizimda oʻtkazilgan sport musobaqalarida qatnashib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Undagi oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyat va sportga boʻlgan qiziqish keyinchalik viloyat IIB TVBSO katta mutaxassisi vazifasida ishlashiga zamin hozirladi. 

 Sohaviy xizmat sirlarini ustozi – TVBSO guruh komandiri oʻrinbosari, katta serjant Bekzod Toʻraevdan oʻrgandi. Zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida oʻziga xos malaka va tajriba toʻpladi. Ichki ishlar vazirligi miqyosida oʻtkazilgan sambo, jangovar sambo va milliy kurash musobaqalarida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. 

Ayni vaqtda leytenant Oybek Xudoyorov viloyat IIB Kasbiy tayyorgarlik boʻlimi katta inspektori lavozimida xizmat qilmoqda. 

Sodiq RAHIMOV,

 “Postda” muxbiri. 

Qashqadaryo viloyati.