Mayor Murodulla Tursunmatov 1977 yilda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida tugʻilgan. 1999 yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini, 2002 yilda esa Fargʻona viloyati IIB huzuridagi oʻquv markazini tamomlagan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini Jizzax viloyati Zomin tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha inspektori lavozimida boshladi.
Ayni vaqtda u Baxmal tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi tayanch punktlari profilaktika katta inspektori. Mehnatsevarligi, xizmat vazifasiga sidqidildan yondashishi, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida yuqori bilim va kasb mahoratiga egaligi samarali natijalarga erishishida omil boʻlmoqda. Mayorning saʼy-harakati bilan xizmat hududida jinoyatchilik keskin kamaydi.
Murodulla Tursunmatov tomonidan profilaktik tadbirlar muntazam amalga oshirilib, 2020 yilda 150 dan ortiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 3 nafar shaxs ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatib, 12 ta oilada ajralishning oldini olishga muvaffaq boʻldi.
Xuddi shunday, bir qator jinoyatlarni fosh qilishga erishdi. Xususan, 2020 yilning 10 yanvarga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxs Oʻsmat shaharchasida yashovchi N.T.ga tegishli doʻkon oynasini sindirib kirib, temir seyfda boʻlgan qiymati 3 million soʻmlik tilla taqinchoqlar hamda shaxsiy hujjatlarni oʻgʻirlab ketgan. Mayor M. Tursunmatov tomonidan amalga oshirilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida tumanning “Qutlugʻobod” mahala fuqarolar yigʻini hududida yashovchi taqinchoqlar oʻgʻrisi Sh.N. ushlandi.
2020 yilning 26 iyulida esa Murodulla Tursunmatov rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyatlarini sodir etib, javobgarlikdan qochib yurgan, Baxmal tumanining Doʻstlik mahallasida yashovchi Yu.A.ning yashirin manizilini aniqlab, uni qoʻlga oldi. Mayor muqaddam sudlanganlar, jinoyatga moyil boʻlganlar hamda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni muntazam oʻtkazmoqda. Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganish, pasport tizimi qoidalariga amal qilinishini nazorat etish borasida faollik koʻrsatayapti.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
