Konimex tumani “Boymurot” ovul fuqarolar yigʻini viloyat markazidan 250 kilometr olisda joylashgan. Aholi turli millat vakillaridan tarkib topgan. Tabiatining ham oʻziga yarasha injiqliklari bor. Bularning barchasi hududda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash profilaktika katta inspektori, mayor Hamza Nurmatov uchun oson kechmayotganini koʻrsatadi.
Mazkur ovul fuqarolar yigʻini 5 ta ovuldan iborat. Ulardagi 536 ta oilada 2033 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Oʻtgan yili mobaynida “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolardan 18 nafariga subsidiya asosida maishiy texnikalar olib berildi, 22 nafari ishga joylashtirildi. Shu jumladan, 24 nafar ayolga pishiriq pechi, tikish mashinasi va chorva mollari olib berildi. Shu kunlarda yangi roʻyxat shakllantirmoqda. Inspektor har bir xonadonga kirib, odamlar bilan suhbatlashmoqda. Ularning dardu tashvishiga sherik boʻlib, muammolarini oʻrganib, huquqiy maslahatlar beryapti.
Kriminogen vaziyat haqida gapiradigan boʻlsak, hududda oʻtgan yilning ikkinchi yarmida birorta ham qonun buzilish holatiga yoʻl qoʻyilmagan. Mayor Hamza Nurmatov aholi bilan chin maʼnoda samimiy, doʻstona munosabatlar oʻrnatgan. “Boymurod” OFY ahli turmush sharoiti yaxshilayotgani, eng asosiysi, hududdagi osoyishtalik uchun qahramonimizdan minnatdor.
Maxliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
